TOShKENT, 30 noya — Sputnik. Vladimir Putin “Rossiya Federatsiyasi milliy xavfsizligini ta’minlash va Rossiya fuqarolarini jinoiy hamda boshqa noqonuniy harakatlardan himoya qilish maqsadida Turkiya respublikasiga qarshi qaratilgan maxsus choralar haqida”gi Qarorga qo‘l qo‘ydi, Kreml rasmiy sayti xabariga asosan.
Ushbu Qarorga ko‘ra barcha Rossiya yuridik shaxslari, davlat organlari v tashkilotlari uchun Rossiya Turkiya respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlar va mahsulotlar sotib olish vaqtincha ta’qiqlanadi. Tovar va mahsulotlar ro‘yxati har bir soha vazirliklari tomonidan alohida chop etiladi.
Hozirgi kunda Rossiya Turkiyadan sabzavotlar (asosan pomidor), sitrus mevalar, quruq mevalar va yengil sanoat mahsulotlari import qiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra ushbu mahsulotlar Abxaziya, Marokko, Misr, Isroil va O‘zbekiston mahsulotlari bilan almashtirilishi mumkin.
Undan tashqari Rossiya hududida bo‘lgan Turkiya korxonalari faoliyatiga nisbatan bir qator cheklovlar qo‘yiladi. Ushbu cheklovlar muayan ro‘yxati Rossiya hukumati tomonidan ishlab chiqiladi.
Ma’lumki, hozirgi kunda Rossiyada Turkiyaning monolit-beton qurilish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Mehnat vazirligi xabariga ko‘ra Rossiyada Turkiyaning 70 mingga yaqin fuqarolari “Ishlashga ruxsatnoma” asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelasi yildan boshlab ularning soni ancha qisqartirilishi aytilmoqda. Undan tashqari 2016-yil 1-yanvardan boshlab Turkiya fuqarolari va yuridik shaxslarini har qanday buyurtma bajarishga jalb qilish ta’qiqlanadi.
Eng asosiy iqtisodiy zarba Turkiyaning turizm sohasiga beriladi. Prezident Qaroriga ko‘ra, Rossiya va Turkiya orasida amal qilayotgan “osonlashtirilgan viza olish tizimi” bekor qilinadi. Rossiya turoperatorlari va turagentlariga fuqarolarga Turkiya Respublikasi hududiga yo‘llanma sotishdan voz kechish tavsiya qilinadi. Rossiya va Turkiya orasida charter aviatsiya parvozlari ta’qiqlanadi.
Undan tashqari, Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, tegishli organlarga Turkiya avtomobil yo‘llari va dengiz orqali yuk tashuvchi korxonalari faoliyati ortidan nazoratni kuchaytirish buyuriladi.
Iqtisodchilar dastlabki hisob-kitoblari bo‘yicha ushbu choralardan Turkiya Respublikasi 5 mlrd. Dollardan ziyod iqtisodiy zarar ko‘rishi mumkin.