TOShKENT, 11 noya — Sputnik. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan hamda Islom To‘xtaxo‘jayev juranlistlarning savollariga javob berishdi, O‘zbekiston futbol federatsiyasi xabari asosida.
Samvel Babayanning so‘zlariga qaraganda, KXDR terma jamoasi guruhda peshqadamlik qilmoqda, shunday ekan ular hurmatga loyiq jamoa. O‘z navbatida O‘zbekiston jamoasi ham o‘yinga yaxshi tayorgarlik ko‘rganligini va raqibni jiddiy o‘rganib chiqqanligini ta’kidladi.
“Bilasiz, biz nominal bir hujumchi bilan o‘ynab kelyapmiz va bo‘lajak o‘yinda ham bu sxemadan voz kechmaymiz. Bu chiziqda esa istalgan hujumchi paydo bo‘lishi mumkin. Eng muhimi — jamoaviy o‘yin. Biz 10 kishi bo‘lib hujumga o‘tamiz va 10 kishi bo‘lib himoyalanamiz”, — deb jamoa o‘yin strategiyasini izohladi murabbiy.
Babayanning fikriga ko‘ra Odil Ahmedov va Vitaliy Denisovlar ham Rossiya futbol jamoalari tarkibida, yaqinda bo‘lib o‘tgan muhim o‘yinlariga qaramasdan, ertaga maydonga tushib o‘z imkoniyatlari darajasida yaxshi o‘yin namoyish etib berishadi, chunki ular professional o‘yinchi va yaxshi jismoniy tayorgarlikka ega.
Islom To‘xtaxo‘jayev ham o‘yin va jamoadagi futbolchilar kayfiyati borasida to‘xtalib o‘tdi.
"Ertaga bizni juda qiziq, shu bilan birga muhim uchrashuv kutib turibdi. Jamoada muhit ajoyib. Barcha futbolchilar yaxshi kayfiyatda. Ertaga bor imkoniyatimizni ishga solib harakat qilamiz va umid qilamanki, o‘z g‘alabamiz bilan barcha futbol muxlislarini xursand qilamiz".