TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Sputnik muxbiri O‘zbekiston Adliya vazirligi xodimiga murojaat qilib, yaqinda qabul qilingan YH qoidabuzarliklarini ko‘rib chiqish tartibiga kiritilgan o‘zgarishlarni izohlab berishni so‘radi.
Adliya vazirligi xodimining so‘zlariga qaraganda, ushbu o‘zgarishlarda Toshkentning asosiy chorrahalarida videokameralar o‘rnatilishi munosobati bilan ehtiyoj paydo bo‘ldi. Hozirgi kunga qadar kameralar sinov tartibida ishlamoqda.
O‘zgarishlarning asosiy mohiyati shundaki, bundan buyon, agar YH qoidabuzarlik holati: tezlikni oshirish, svetofor ta’qiqlash signaliga amal qilmaslik yoki boshqa qoidabuzarliklar, maxsus texnik vositalar yordamida qayd qilinganda, bayonnoma tuzilmaydi, birdaniga jarima solish haqida qaror qabul qilinib, dalolat va jarima pattasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoidabuzar manziliga pochta orqali yuboriladi.
Maxsus texnik vositalar yordamida qayd qilingan qoidabuzarlik uchun javobgar shaxs deb — transport vositasining egasi belgilanadi, jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishidan qat’iy nazar.
Adliya vazirligi xodimining so‘zlariga qaraganda, ushbu qoidalar, YHning to‘laqonli qatnashchisi bo‘lgan piyodalarga ham tegishli. YH qoidasini buzgan piyodalarga ham jarima solinadi. Agar piyoda jarimani darhol to‘lasa unga patta beriladi. Agar darrov to‘lashning iloji bo‘lmasa bayonnoma tuziladi.
“Maxsus vositalar yordamida qayd qilingan qoidabuzarliklar jarimalari 60 kun ichida to‘lanishi kerak. Qayd qilingan qoidabuzarlik — nohaq deb shikoyat qilingan hollarda, shikoyat ko‘rib chiqilib, rad javobi berilganidan keyin 30 kun ichida”, — dedi mutaxassis.
Faqat maxsus tezkor xizmatlarga tegishli avtomobillar haydovchilari va qonun bo‘yicha ustunvorlik huquqiga ega bo‘lgan avtomobillar haydovchilari kameralar yordamida qayd qilingan jarimalardan ozod qilinishi mumkin.
Ushbu xizmat xodimlari tezkor va kechiktirib bo‘lmas xizmat vazifasini o‘tayotganligini hujjatlar yordamida tasdiqlaganda ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi va qoidabuzarlik “o‘ta zarurat yuzasidan amalga oshirilgan” deb tan olinadi.
Qolgan masalalarda, yo‘riqnomaning barcha holatlari Ma’muriy javobgarlik kodeksi normalariga muvofiqlashtirilgan.