TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Suriyaning Deraa viloyatida 700 jangari va qidiruvda bo‘lgan fuqarolar qurollarini topshirib taslim bo‘ldi, deb xabar berdi RIA Novosti Suriya milliy axborot agentligi SANA xabari asosida.
Axborot agentligining xabariga ko‘ra, milliy yarashish dasturi asosida Deraa viloyatida 450 jangari va 250 qidiruvda bo‘lgan Suriya fuqarolari qurollarini topshirib tinch hatga qaytishga qaror qildilar. Jangarilar yonlarida bo‘lgan pulemot, avtomat va snayper vintovkalarini Suriya hukumatiga topshirdilar.
Milliy yarashish dasturining eng yorqin misoli 2014-yilda Xoms shahrida bo‘ldi. U yerda shahar markazini egallab olgan 1500 nafar jangarilar o‘z ixtiyorlari bilan qurollarini topshirishga qaror qildilar.
Ushbu dasturga binoan mamlakat rahbariyati Suriya fuqarolariga qurollarini topshirib, tiklanish dasturidan o‘tib tinch hayotga qaytinshi taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz Suriyada 2011-yildan beri harbiy mojaro davom etmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra ushbu mojaroda 220 ming odam qurbon bo‘lgan. Suriya hukumati qo‘shinlariga turli terrorchi guruhlari qarshilik ko‘rsatmoqda. Ulardan eng yirik va faollari “Islom davlati” va “Djebxat an-Nusra” guruhlaridir.