TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh Davlat sekretari Djon Kerri bilan uchrashdi. Yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv BMT Bosh assambleyasining 70 sessiyasi arafasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan eng qizig‘i bo‘ldi.
AQSh va Rossiya rasmiylarining ushbu muzokaralardan umidi katta edi. Chunki ikki mamlakat vazirlari asosiy xalqaro muammolar bo‘yicha Rossiya va AQSh kesishuv nuqtalarini topishi hamda dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlar uchrashuviga poydevor tayorlashi kerak edi.
Prezidentlar uchrashuvida asosiy mavzu Suriya muammosi bo‘ladi.
Suriya mavzusi ikki mamlakat TIV uchrashuvida markaziy bo‘lgani bejiz emas. Ushbu uchrashuvlarda boshqa muammolarga qaraganda Suriya muammosi yechimini topishga ishonch bor. Masalaning yana bir tomoni, ushbu muammoni yechishda Rossiya nuqtayi nazari ustun kelmoqda.
Oxirgi yillarda g‘arb mamlakatlari va ularning ittifoqchilari doimo bir narsani – Suriya prezidenti Bashar Asadni iste’foga chiqishini talab qilardilar. Ularning fikricha Asad iste’foga chiqsa boshqa muammolar o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi. Moskva bo‘lsa, bu masalani Suriyaliklarning o‘zlariga qo‘yib berish kerak, xalqaro jamoa bo‘lsa terorchilikka qarshi kurashga ko‘proq e’tibor berishi kerak, deb fikr bildirardi. Ehtimol endi ular Rossiyaga quloq tutishar.
G‘arb davlatlari rahbarlari, BMT Kengashidan oldin birin ketin Asad yomon bo‘lsa ham, uning yordamida Yaqin Sharqda hozir ro‘y berayotgan mojaroni to‘xtatish mumkin, u bilan muzokaralar olib borsa bo‘ladi, degan fikrlarni bildirishni boshladi. Bunday so‘zlarni bir necha oy oldin Buyuk Britaniya Bosh vaziri og‘zidan eshitish g‘ayri oddiy hol edi. Hozir bo‘lsa – bu haqiqiat.
Uchrashuvdan bir kun oldin ma’lum bo‘lishicha, Rossiya, Suriya, Eron va Iroq birlashgan axborot markazi tuzishga qaror qilishdi. Harbiy shtab vakillari a’zo bo‘lgan ushbu markazning asosiy vazifasi Yaqin Sharqda terrorchilikka qarshi kurashga bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash, ularni qayta ishlash, umumlashtirish va analiz qilish.
Dushanba kuni ushbu masala Rossiya va AQSh prezidentlari uchrashuvida ko‘tariladi. Balkim, hamkorlik shakli ham topilar, nima bo‘lganda ham, Rossiya bunday ishga tayor.
“Birga ishlash xoxishi diplomatik sohada ham, harbiy sohada ham bor. Mening fikrimcha, ushbu masalalar ikki davlat mutaxasislari tomonidan qanchalik ko‘proq va tez-tez muhokama qilinsa, oldimizda turgan, qiyin muammo yechimini topish shunchalik oson bo‘ladi”, — dedi Lavrov Kerri bilan muzokara so‘ngida.
Lavrov va Kerri Ukraina muammosini ham muhokama qilishdi. Lekin u masalaga ancha kamroq vaqt ajratildi.
BMT Bosh assambleyasi doirasida 28-sentabran 3-oktabrgacha Rossiya prezidenti bir qator nufuzli uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Ular orasida AQSh prezidenti hamda BMT bosh kotibi bilan uchrashuvlar bor.