TOShKENT, 15 sen – Sputnik. SSSR xalq artisti Mixay Volontir 82 yoshida Kishinevda vafot etdi, deb xabar berdi Sputnik Moldova.
Mixay Volontir — “Lo‘li” va “Budulayning qaytishi” filmlarida o‘ynagan Budulay Romanov rolidan keyin sobiq Ittifoqda keng tanilgan akter. Asl ismi sharifi Mixail Yermolayevich Volontir, 1934-yil 9-martda Moldovaning Glinjeni shahrida tug‘ilgan.
Akter “Darvozabon kerak”, “Alohida diqqat zonasida”, “Javobiy yurish”, “Dmitriy Kantemir” va yana o‘ndan ortiq filmlarida rol o‘ynagan, SSSR kinematografchilar ittifoqi a’zosi, MSSR Davlat mukofoti laureati va RSFSR aka-uka Vasilevlar mukofoti laureati.
Mixay Volontirning bir umrlik orzusi – o‘zi ssenariy yozgan “Darbadar” filmini suratga olish edi. Bu hayot, muhabbat va abadiylik haqidagi falsafiy film bo‘lib undagi bosh rol akterning o‘zi uchun yozilgan. Bir necha yil davomida, unga kerak bo‘lgan mablag‘ topilmagani uchun ushbu ssenariy tokchada qolib ketdi.
Oxirgi intervularidan birida, akter – “Meni kasalliklar o‘rab oldi” deb tan olgandi. Haqikatdan ham akter oxirgi 30-yil davomida “qand diabeti”kasali bilan og‘rigan va oxirgi yillarda bu kasallik ancha kuchayib ketgandi. Rafiqasi Yefrosinya Dobinya-Volontirning so‘zlariga qaraganda, shunday bo‘lsada Mixay Volontir turli filmlar ustida ishlashni to‘xtatmagan.