TOShKENT, 9 sen – Sputnik. Shu yilning avgust oyida Rossiya bozorida avtomobillari savdosi 19%ga kamaydi, deb xabar berdi Yevropa Biznesi uyushmasi o‘zining oylik hisobotida.
Eslatib o‘tamiz Rossiya avtomobillar bozorining qisqarishi ikki yildan buyon davom etmoqda. 2014-yilda avtomobillar bozori 10% ga qisqardi, 2015-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 24% bo‘lishi kutilmoqda.
“Valyuta kursining tebranishi, xaridor hatti-harakatiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Bunday sharoitda, avtomobillarga, talab keskin kamayishi odatiy hol”, deydi Yorg Shrayber, Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari uyushmasi raisi.
Avgust oyida Rossiyada yangi avtomobillar savdosi umumiy hisobda 19%ga kamaydi. Bu kamayish, albatta, turli kategoriya avtomobillari orasida turli xil bo‘ldi.
Eng kam sotilgan avtomobillar: Great Wall, Chery, Ssang Yong, Alfa Romeo, Cadillac, Acura, Jeep. Sotilgan avtomobillar soni 200 donadan oshmadi.
Yuqori narxli yevropa avtomobillar segmentini uch yetakchi avtomobil konserni, go‘yoki kelishilgandek, teng uch bo‘lakka bulib olishdi: Mercedes — 2929, Audi — 2201, BMW – 2190 dona avtomobil sotdi.
O‘rtancha va arzon narxli yevropa avtomobillari bozorini Volkswagen ishonchli ravishda egallab olgan – 6627 dona avtomobil, unga qarashli Skoda kompaniyasi 4315 dona, Ford esa 4527 dona avtomobil sotdi. Bu kompaniyalarning muvaffaqiyati albatta ularning Rossiya hududida o‘z zavodlari borligi va avtomobil qismlarni ishlab chiqarish yuqori darajada o‘zlashtirilganligidir.
Yaponiya avtomobiilari segmentiga kelsak, bu yerda albatta xalq ishonchini qozongan Toyota – 8892 dona avtomobil sotib yetakchilik qilmoqda. Nissan 6907 dona, Mitsubishi 3224 dona avtomobil sotdi. Honda bo‘lsa bor yo‘g‘i 648 dona avtomobil sotib, xafa bo‘lganidan Rossiya bozorini tark etishga qaror qilganini e’lon qildi.
Arzon va ommabop avtomobillar segmentida, rossiyaning LADA konserni 20175 avtomobil sotib, shohsupaning to‘riga chiqib olgan. Sotilgan avtomobillarni katta qismi — Lada Granta avtomobiliga to‘g‘ri keladi. Demak Granta — xalq obro‘sini qozondi desa ham bo‘ladi.
Fransiyaning Renault kompaniyasi 9918 avtomobil sotib, arzon avtomobillar segmentida 4 o‘rinda. Albatta ularning katta qismi, sobiq Moskvich zavodida ishlab chiqarilgan Renault Logan avtomobilidir.
Koreya kompaniyalari ham yomon emas: KIA — 14081dona, HYUNDAI – 12581dona avtomobil sotishdi. Ulaning Kia Rio, Hynday Solaris modellarini har qadamda uchratish mumkin.