TOShKENT, 8 sen — Sputnik. Xabaringiz borki, kecha O‘zbekiston terma jamoasi Fillipin ustidan 5:1 hisobida ishonchili g‘alaba qozondi.
O‘yindan oldin Sputnik muxbiri "Paxtakor" klubining va O‘zbekiston terma jamoasining sobiq murabbiyi, hozir Rossiyaning Tomsk shahrida yashayotgan Valeriy Nepomnyashiy bilan bog‘lanib O‘zbekiston jamoasining ushbu o‘yindagi imkoniyatlari haqida fikr bildirishni so‘radi.
"Men juda yaxshi tushunaman, O‘zbekiston jamoasi, albatta, Fillipindan ustun bo‘lishi kerak", — dedi Nepomnyashiy va hozir ko‘rib turganimizdek, haq bo‘lib chiqdi.
O‘zbekistonda hozir futbolni rivojlantirishga juda katta e’tibor berilayapti. Mamlakat rahbariyatidan tortib futbol bilan bog‘liq tashkilotlargacha jiddiy ishlamoqda. Buning natijasini Jahon chempionatida 17 va 20 yoshli o‘yinchilar ko‘rsatgan yuqori natijalarga qarab tushunsa ham bo‘ladi. Shunday ekan, kuchli jamoa yig‘ishga albatta asos bor, deydi sobiq murabbiy.
Valeriy Nepomnyashiy O‘zbekistonda ishlagan vaqtlarini juda iliq so‘zlar bilan eslaydi. Uning so‘zlariga qaraganda, atrofida faqat marhamatli va ko‘ngilchan odamlar bo‘lgan.
"Men juda baxtli odam bo‘lsam kerak. U yerda yashagan paytlarim odamlarning bir-biriga va menga bo‘lgan munosobatidan nihoyatda lazzatlanib yashardim. Menga hamma narsa yoqardi, Samvel ham", — eslaydi trener.
Futbol haqida gapirganda, hozir Osiyoda juda kuchli komandalar ko‘p: Koreya, Yaponiya, Avstraliya. Ularga teng kelish oson bo‘lmaydi, albatta, deydi trener.
"Men, O‘zbekiston terma jamoasiga, chin ko‘ngildan, saralovchi o‘yinlardan o‘tib 2018-yil Jahon chempionatida qatnashishni tilayman", — dedi murabbiy.
Valeriy Nepomnyashiy — Ashxobodning "Skif" va Samarqandning "Spartak" jamoalarida hujumchi bo‘lib o‘ynagan.
Murabbiylik tajribasida Kamerun terma jamoasini, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va Rossiya klublarida ishlagan. 2006-yilda O‘zbekiston milliy jamoasiga va "Paxtakor" klubiga boshchilik qilgan. Hozirgi kunda Rossiya premyer ligasidagi "Tom" klubi bosh murabbiyi.