TOShKENT, 24 avg – Sputnik. O‘zbekiston Tashqi Iqtisodiy Aloqalar, Investitsiyalar va Savdo vaziri Elor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar olib bordi, deb xabar berdi TIV matbuot xizmati.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning O‘zbekistonga bo‘lg‘usi tashrifini muhokama qildilar. Xususan, prezidentlar tomonidan qo‘l qo‘yilishi kutilayotgan hujjatlar to‘plamini tayorladilar. Ular, shu qatorda, savdo-iqtisodiy, gumanitar-madaniy, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishdi.
Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga oxirgi tashrifi o‘tgan yilning noyabrida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda siyosiy va iqtisodiy sohalarda hamkorlik bo‘yicha yetti xil hujjatlar to‘plamiga qo‘l qo‘yilgandi.
O‘zbekiston Turkmanistonga mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari hamda meva va sabzavot mahsulotlari yetkazib beradi. Mamlakatlar orasida hamkorlik rivojlanishining yana bir asosi bu O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Oman transport koridorining ochilishi bo‘ldi.