Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar kredit ajratadi
11:36 26.11.2026 (yangilandi: 11:51 26.11.2026)

© Sputnik / Stringer
Obuna bo‘lish
Mablag‘lar bandlikni oshirish, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish, xususiy sektor va energetikani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistondagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollarlik moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur islohotlar 2029–2031 yillarda 275 mingta qo‘shimcha va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rniga teng iqtisodiy samara berishi kutilmoqda.
Dastur doirasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:
homiladorlik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari qamrovini kengaytirish;
mehnat sharoitlari va ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash;
davlat korxonalarini isloh qilish va xususiy biznes uchun raqobat sharoitlarini yaxshilash;
shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlagan holda transchegaraviy ma’lumot almashinuvi qoidalarini takomillashtirish;
elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlariga xususiy investitsiyalarni jalb qilish;
tashqi savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish.
Dasturning 2028-yilgacha mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlari:
500 ming nafar qo‘shimcha foydalanuvchini, jumladan, 250 ming nafar ayolni yuqori tezlikdagi internetga ulash;
elektr energiyasi iste’molchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi elektr taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatish;
fermerlar va chorvachilik xo‘jaliklarining 35 foizini qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bilan qamrab olish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi taqsimlangan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini 3 ming MVtga yetkazish;
energiya samaradorligini oshirishga 10 mln dollarlik xususiy investitsiya jalb qilish.
Islohotlar O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
