"Zelenskiy hokimiyati qiynoqxonalar ustiga qurilgan" — Zaxarova

© MID RF
Obuna bo‘lish
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Kiyev yaqinidagi qiynoqxona haqida gapirib, Ukraina rahbariyatini odamlarga nisbatan zo‘ravonlikda aybladi.
TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifingda Kiyev yaqinidagi qiynoqxona bilan bog‘liq mojaroni sharhlab, Ukraina rahbariyatini fuqarolarga nisbatan qiynoqlar va zo‘ravonliklarda aybladi.
Uning ta’kidlashicha, Kiyev yaqinidagi Petropavlovskaya Borshagovka qishlog‘ida aniqlangan binoda odamlar g‘ayriqonuniy saqlangan va qiynoqqa solingan.
Zaxarovaning ushbu hodisa yuzasidan asosiy bayonotlari:
Qiynoqlar haqida. "Yerto‘ladagi zindonlarda ularni tom ma’noda qiynoqlar va kaltaklashlar yordamida "tarbiyalashgan", kerakli qog‘ozlarga imzo chekishga majburlashgan. Ba’zilaridan, aftidan, sadistik banderachilar usullarini mashq qilish uchun fiziologik material sifatida foydalanishgan. Xuddi nazoratchilar uchun boks qopidek".
Budanovning* so‘zlari haqida. "O‘ylaymanki, ko‘pchilikni hatto bu qiynoqxonadagi kadrlar emas, balki, Zelenskiy devoni rahbari Budanovning* Ukrainada bunday joylar juda ko‘p ekanini aytgani dahshatga soldi".
Zelenskiy hokimiyati haqida. "O‘sha Budanov* aytgandiki, nahotki bu birinchi holat bo‘lsa? Nahotki bu shunday yagona markaz bo‘lsa? Ular ko‘p... Chunki Zelenskiyning hokimiyati aynan mana shunday qiynoqxonalar ustiga qurilgan, faqat shularga va boshqa hech narsaga emas".
Kiyevning munosabati haqida. "Bankovayada (Ukraina rahbariyati devonida — tahr.), albatta, vahimaga tushib qolishdi, politsiyachilarni to‘plashdi va o‘zlari uchun noxush bo‘lgan go‘yoki bu "hodisa"ni bosti-bosti qilishga urinishdi".
Donbassdagi voqealar haqida. "Xuddi shunday tashkilotchilar, ushbu qiynoqxonalarning egalari o‘zlarining vahshiyona qiliqlarini 2014-yildan boshlaboq Donbassda, asosan Mariupolda namoyish etishgan. "Kutubxona" deb nomlangan mash’um yerto‘lani eslashning o‘zi kifoya".
Ukraina xalqiga munosabat haqida. "Bu shunchaki norozilarga qarshi qatag‘on emas. Bu Kiyev rejimi tomonidan Ukraina xalqining qirib tashlanishidir".
G‘arb mablag‘lari haqida. "Bo‘lib o‘tgan voqealar Ukrainaning g‘arblik homiylarining milliardlari nimalarga — odamlar bedarak yo‘qoladigan mana shunday qiynoqxonalarga, odamlarni qo‘rqitishga, jazo choralariga sarflanayotganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Ular barcha narsaga, jumladan kelajak avlodlarga ham mutlaqo tupurishgan".
Zaxarova Ukraina rahbariyatining tinchlik muzokaralariga munosabatini ham tanqid qildi.
"Tinchlikka erishish, tinchlik muzokaralari va hokazolarga qandaydir tayyorlik haqidagi balandparvoz gaplarga qaramay — biz bular haqida juda ko‘p eshitdik — aslida Zelenskiy rejimi tinch aholiga qarshi terrorini davom ettirmoqda", — dedi u.
Diplomatning ta’kidlashicha, Ukraina rahbariyati tinch aholining o‘ldirilishini o‘zining g‘arblik homiylariga muzokaralardagi "kuchli" pozitsiyasi isboti sifatida taqdim etmoqda.
Kiyev yaqinida nima yuz berdi?
2 noyabrda Petropavlovskaya Borshagovkadagi binoda odamlar g‘ayriqonuniy saqlanayotgani va kaltaklanayotgani haqidagi xabarlar ortidan mahalliy aholi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.
Budanov* binoda 14 nafar kishi bo‘lganini ma’lum qildi. U shu kabi obyektlar mamlakatda ko‘pligini aytdi va ulardagi vaziyatni o‘rganish zarurligini bildirdi
Ukraina Milliy gvardiyasi mazkur bino harbiy xizmatchilarni vaqtincha joylashtirish uchun ishlatilganini ma’lum qildi. Ukraina Davlat tergov burosi esa harbiy xizmatchilarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi
*Kirill Budanov Rossiya Federatsiyasida terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan.
