ID-kartalar bilan safar qilish: Mirziyoyev TDT sammitida qanday tashabbuslarni ilgari surdi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga uchinchi davlatlar bilan "TDT plyus" formatidagi hamkorlikni soha vazirlarining uchrashuvlaridan boshlashni taklif etdi.
TOShKENT, 30 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) 13-sammitida ishtirok etdi.
Prezident bugungi kunda xalqaro munosabatlar tizimi tubdan o‘zgarib, geosiyosiy raqobat keskinlashayotganini, turkiy dunyo atrofidagi mintaqalarda kuzatilayotgan ziddiyatlar xavfsizlik va taraqqiyot istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Shu bois, Turkiy davlatlar tashkilotini o‘zaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida yanada jipslashtirish zarurligiga e’tibor qaratdi.
“Barchamiz ushbu ezgu yo‘lda yakdilmiz va o‘z kuch-g‘ayratimizni turkiy birdamlik uchun safarbar etishga tayyormiz”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mirziyoyev turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish yuzasidan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan:
Uchinchi mamlakatlar bilan “Turkiy davlatlar tashkiloti plus” formatidagi hamkorlikni sohaviy vazirlar uchrashuvlaridan boshlash taklif etildi;
“Turkiy dunyo – 100” – yuzta strategik qo‘shma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab oladigan dasturni qabul qilish taklif etildi;
Nodir va strategik minerallarni to‘liq qayta ishlash, "yashil" energetika uskunalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori daromadli mahsulotlar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq;
“Tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi ko‘p tomonlama shartnomani ishlab chiqish lozim;
“Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmog‘i”ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarish taklifi bildirildi;
Turkiy xalqlarning tarixiy shaharlari, betakror tabiati, boy madaniyati va mehmondo‘stlik an’analarini dunyoga birgalikda taqdim etish maqsadida “Turkiy turizm alyansi”ni tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi;
Fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni ishlab chiqish taklif etildi. Unda ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, chegaradan o‘tish va mezbon davlat hududida bo‘lish tartibini soddalashtirish masalalari aks etishi lozim;
Mamlakat “Yangi O‘zbekiston” stipendiyasi doirasida turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta ta’lim granti ajratishga tayyor;
Turkiy xalqlar uchun birdek tushunarli bo‘lgan va tillardagi mushtarak so‘zlarni jamlaydigan “Umumturkiy so‘zlar lug‘ati”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Tadbirda tashkilotning yangi bosh kotibi lavozimiga O‘zbekiston vakili Mirvohid Azimov nomzodi qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, navbatdagi sammit kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
Yakunda Anqara deklaratsiyasi hamda tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilindi.
