Elektr taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilish: JB O‘zbekistonga 100 mln dollar ajratdi

© Sputnik / StringerZdanie Vsemirnogo banka v Vashingtone
Zdanie Vsemirnogo banka v Vashingtone - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 28.10.2026
Obuna bo‘lish
Modernizatsiya natijasida 11,7 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. 371 mln dollarlik dastur 60 ta podstansiyani qamrab oladi.
TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Jahon banki (JB) Ijrochi direktorlar kengashi 27-oktabrda O‘zbekistonning elektr energiyasini taqsimlash tizimini modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollar qarz ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Mablag‘lar mamlakat bo‘ylab 60 ta asosiy podstansiyani modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yo‘naltiriladi. Bu elektr energiyasi yo‘qotishlarini kamaytirish, tarmoqlarga tushadigan ortiqcha yuklamani pasaytirish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Dasturning umumiy qiymati 371 mln dollarni tashkil etadi. Shundan 100 mln dollarini Jahon banki, 200 mln dollarini Osiyo taraqqiyot banki (OTB) qarz sifatida taqdim etadi. Qolgan 71 mln dollar O‘zbekiston davlat budjetidan ajratiladi.
OTB 30-sentabrda 200 mln dollarlik qarzni ma’qullagan, 15-oktabrda esa tegishli bitim imzolangan.
JB prognozlariga ko‘ra, modernizatsiya qilingan obyektlar ishga tushirilgandan keyingi besh yil davomida dastur qariyb 11,7 mingta qo‘shimcha sifatli ish o‘rni yaratilishiga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, 2031-yilga borib modernizatsiya qilingan podstansiyalarda elektr energiyasining yillik yo‘qotishlari 20 ming MVt·soatga qisqarishi kutilmoqda. Dastur kamida 3,3 GVt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini tarmoqqa ulash uchun sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, atmosferaga har yili qariyb 23 ming tonna karbonat angidrid ekvivalentiga teng issiqxona gazlari chiqarilishining oldini olish rejalashtirilgan.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr tarmoqlarining katta qismi bir necha o‘n yillar avval qurilgan. Ko‘plab podstansiyalar ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda. Bu esa elektr energiyasi yo‘qotishlari va aholi xonadonlari, korxonalar, maktablar hamda tibbiyot muassasalarida elektr ta’minoti uzilishlariga sabab bo‘lmoqda.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin ishonchli elektr ta’minoti aholining kundalik hayoti, iqtisodiy faoliyat va yangi ish o‘rinlari yaratilishi uchun muhimligini ta’kidladi.
Dastur “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan amalga oshiriladi. Podstansiyalarni yangilashdan tashqari, kompaniyaning moliyaviy boshqaruv tizimlarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va institutsional salohiyatini oshirish ham ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalarining o‘rnatilgan quvvatini 25 GVtga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularning yangi quvvatlarni qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish talab etiladi.
Fasad s nadpisyu Ministerstvo ekonomiki i finansov Respubliki Uzbekistan - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 25.08.2026
O‘zbekistonning davlat qarzi 48,3 mlrd dollarga yetdi
Yangiliklar lentasi
0