Eksportchilarga xorijiy hamkorlar qarzini o‘z mablag‘idan yopishga ruxsat berildi

© Sputnik / Baxrom XatamovGruzovie konteyneri v jeleznodorojnom terminale Tashkenta
Gruzovie konteyneri v jeleznodorojnom terminale Tashkenta - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.08.2026
Obuna bo‘lish
Eksportchi tovar yoki xizmat uchun xorijdan pul kelmagan taqdirda, muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni o‘z mablag‘i hisobidan yopishi mumkin.
TOShKENT, 30-avgust — Sputnik. O‘zbekistonda eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni so‘ndirish uchun bir martalik umumdavlat aksiyasi e’lon qilindi. Bu prezidentning joriy yil 27-avgustdagi PF–176-sonli farmonida belgilangan.
Yangi mexanizm eksport qilingan tovar, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat uchun xorijiy hamkor belgilangan muddatda pul to‘lamagan holatlarga taalluqli.
Bunday vaziyatda eksportchi xorijdan kelib tushishi kerak bo‘lgan mablag‘ni o‘z hisobidan qoplab, "E-kontrakt" tizimida muddati o‘tgan deb qayd etilgan debitor qarzdorlikni so‘ndirishi mumkin.
Aksiya 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. U farmon kuchga kirguniga qadar amalda eksport qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha shakllangan qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Mexanizm ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga, shuningdek, bunday tashkilotlar kamida 50 foiz ulushga ega bo‘lgan korxonalarga tatbiq etilmaydi.
2027 yil 1-yanvardan tashqi savdo aktivlarini o‘z vaqtida qaytarmaganlik uchun belgilangan jarimani sud orqali ikki barobar kamaytirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.
Buning uchun tadbirkor qarzni undirish bo‘yicha sud, arbitraj yoki boshqa vositalar orqali o‘ziga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan bo‘lishi, aktivlarning 50 foizdan ortiq qismini qaytarishi yoki to‘lov xalqaro sanksiyalar, bank tizimidagi cheklovlar va valyuta taqiqlari sababli kechikkan bo‘lishi kerak. Ushbu shartlardan bittasining bajarilishi yetarli.
Avvalroq davlat ulushi bo‘lmagan tadbirkorlarga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarima qo‘llash va uni undirishga 2027-yil 1-yanvargacha moratoriy e’lon qilingan edi. Moratoriy davrida qarzdorlik bartaraf etilsa, avval qo‘llangan jarimalar bekor qilinadi.
Mirziyoyev provodit otkritiy dialog s predprinimatelyami - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.08.2025
Tadbirkorlar uchun moliya va soliq yengilliklari belgilandi - Prezident farmoni
Yangiliklar lentasi
0