Kannavaro JChdagi xatolar, muammolar va yangi rejalar haqida gapirdi

© Press-slujba NOK UzbekistanaGlavniy trener sbornoy Uzbekistana po futbolu Fabio Kannavaro
Glavniy trener sbornoy Uzbekistana po futbolu Fabio Kannavaro - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 05.08.2026
Obuna bo‘lish
Fabio Kannavaro JChdagi xatolar, tarkib tanlovi, maoshi, jamoani yoshartirish rejasi va kuchli raqiblar bilan o‘yinlar haqida gapirdi
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro O‘FAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Jahon chempionatidagi ishtirok, futbolchilar tanlovi, jamoaning kamchiliklari va kelgusi rejalar haqida batafsil gapirdi.
Asosiy muammo — yuqori sur’atda o‘ynash
Kannavaroning fikricha, milliy jamoaning asosiy muammolaridan biri o‘yin intensivligi bo‘lib qolmoqda. U futbolchilar Jahon chempionatidagi yuqori sur’atga moslashishda qiynalishi mumkinligi haqida avvaldan ogohlantirganini aytdi.
Murabbiy xorijlik mutaxassis kelishi bilan jamoa bir kunda "Barselona"dek o‘ynay boshlashini kutish noto‘g‘ri ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, muammo undan qisqa vaqt ichida juda katta natija kutilayotganida ham bo‘lgan.
Kongo va Kolumbiyaga qarshi ikki xil o‘yin
Kannavaro Kongo DR bilan uchrashuvning birinchi bo‘limida O‘zbekiston o‘yinni nazorat qilganini, tanaffusdan keyin esa futbolchilarda qo‘rquv paydo bo‘lganday jamoa butunlay boshqacha harakat qilganini aytdi.
Kolumbiyaga qarshi bahsda esa aksincha, birinchi bo‘limda jamoa ko‘proq himoyalangan, ikkinchi bo‘limda hujumkor futbol ko‘rsatgan. Kannavaro jamoa o‘yinida o‘sish bo‘lganini, futbolchilar uning mashg‘ulot uslubi va metodologiyasini ijobiy qabul qilganini ta’kidladi.
Terma jamoa yoshartiriladi
Kannavaro keyingi bosqichda tarkibni yoshartirish, taktik sxemani o‘zgartirish va yangi futbolchilarni jalb qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
U JCh tarkibidagi ayrim futbolchilar saralash bosqichidagi xizmatlari uchun chaqirilganini aytdi. Endi yosh futbolchilarga ko‘proq imkoniyat beriladi. Murabbiyning ta’kidlashicha, Behruz Karimov va Jahongir O‘rozov kabi o‘yinchilarga JCh Yevropaga yo‘l ochmoqda, murabbiylar shtabi nazarida yana bir qator yoshlar bor.
Kannavaro Jaloliddin Masharipov jarohati sabab hatto yurishga qiynalganini bildirdi. Uni Jahon chempionatiga tayyorlash uchun turli mutaxassislar jalb qilingan, ammo futbolchi musobaqada qatnashishga ulgurmagan.
Darvozabonni almashtirish xato bo‘lganmi?
Murabbiy Jahon chempionatida barcha darvozabonlarga imkoniyat berishni istaganini, ammo buning iloji bo‘lmaganini bildirdi.
U Abduvohid Ne’matovga ishonch bildirilishiga uning musobaqagacha bo‘lgan barqaror o‘yinlari sabab bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, ikkinchi turda darvozabonni almashtirish ehtimol xato qaror bo‘lganini tan oldi. Kannavaro JChdagi ayrim xatolarni futbolchilarda bunday darajadagi musobaqa tajribasi yetishmagani bilan izohladi.
Janubiy Koreya, Eron va noma’lum top-raqib
Bosh murabbiy O‘FAdan doimo kuchli terma jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etishni so‘rashini aytdi.
Uning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi, Eronni O‘zbekistonda qabul qilish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Shuningdek, nomi hozircha ochiqlanmagan juda kuchli terma jamoa bilan ham muzokara olib borilmoqda.
4 mln yevro, Italiyadagi "ta’til" va "kalamush"
Kannavaro yillik maoshi 4 million yevro ekani haqidagi xabarlarni rad etdi. U murabbiylar shtabidagi ayrim mutaxassislarga o‘z mablag‘idan haq to‘lashini, yordamchisi Rolando Banki esa maoshsiz ishlashga rozi bo‘lganini aytdi.
Murabbiy JChdan keyin jamoani tashlab, Italiyaga dam olish uchun ketgani haqidagi xabarlar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi. U mundial yakunigacha jamoa bilan Nyu-Yorkda bo‘lgan, Superligadagi tanaffus paytida oilasini ko‘rib kelgan va chempionat tiklangach O‘zbekistonga qaytgan.
Kannavaro milliy jamoa haqida ko‘plab noto‘g‘ri xabarlar tarqalganini aytib, bu uning xorijlik murabbiy ekani yoki jamoa ichida ma’lumot tarqatayotgan "kalamush" borligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Trener Valeriy Nepomnyashiy - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.06.2026
Nega O‘zbekiston termasi guruhdan chiqa olmadi — Nepomnyashiy Kannavaroning xatolarini aytdi
Yangiliklar lentasi
0