O‘qituvchilarga dars taqsimoti: 1-avgustdan nimalar o‘zgaradi

© Depositphotos / BlazeofgloryUchitel pishet u doski v shkole
Uchitel pishet u doski v shkole - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 29.07.2026
Obuna bo‘lish
Yangi tartibda oliy toifali va sertifikatli pedagoglar ustuvor bo‘ladi, avvalgi 19 ta mezon esa 10 taga qisqaradi.
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. 1 avgustdan O‘zbekiston maktablarida o‘qituvchilarga dars soatlarini taqsimlash bo‘yicha yangi ustuvorlik tartibi kuchga kiradi. Yangi tartib uchta vazirlikning Adliya vazirligida 2025-yil 28-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan qo‘shma qarorida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, maktab pedagogik kengashi dars soatlarini har yili 15-sentabrga qadar quyidagi ketma-ketlik asosida taqsimlaydi:
— oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
— dars beradigan fanidan ustama belgilashda qo‘llaniladigan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega pedagoglar;
— birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
— ikkinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar;
— oliy ma’lumotli, ammo toifasiz o‘qituvchilar;
— qayta tayyorlash diplomiga ega pedagoglar;
— o‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar;
— pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan uchinchi va undan yuqori kurs talabalari;
— oliy ma’lumotli pedagoglar yetishmaganda boshlang‘ich sinflarda ishlovchi o‘rta maxsus yoki professional ma’lumotli o‘qituvchilar;
— tegishli mutaxassislik bo‘yicha maktab rahbar xodimlari.
Qayta tayyorlash diplomiga ega o‘qituvchida malaka toifasi yoki tegishli sertifikat mavjud bo‘lsa, u xuddi shunday ko‘rsatkichga ega boshqa pedagoglar bilan teng ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinflardagi fanlarni taqsimlashda pedagogning "boshlang‘ich ta’lim" mutaxassisligiga egaligi yoki tegishli fanni boshlang‘ich sinflarda o‘qitish metodikasi bo‘yicha ta’lim olgani ham hisobga olinadi.
Amaldagi tartibda dars soatlarini taqsimlash uchun 19 ta mezon belgilangan. Ular orasida xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglar, olimpiada g‘oliblari, top-1000 universitetlari bitiruvchilari, "Yil o‘qituvchisi" tanlovi sovrindorlari hamda magistr darajasiga ega o‘qituvchilar bor.
1 avgustdan esa ushbu ko‘rsatkichlar alohida ustuvor mezon sifatida qo‘llanilmaydi. Asosiy e’tibor o‘qituvchining malaka toifasi, fan bo‘yicha sertifikati va ma’lumotiga qaratiladi.
O‘qituvchi bir nechta ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, ularning eng ustuvori hisobga olinadi. Ko‘rsatkichlari bir xil bo‘lgan pedagoglar o‘rtasida esa dars soatlari teng taqsimlanadi.
Shuningdek, o‘qituvchiga bir yilda bir yarim stavkadan, ya’ni 2 322 soatdan ortiq dars yuklamasi berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sdacha YeGE po russkomu yaziku - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 10.06.2026
Pedagogika yo‘nalishidagi talabalarning bilimlari har yili tekshiriladi
Yangiliklar lentasi
0