Ayrim mahkumlar zararni qoplamasa, muddatidan avval ozod qilinmaydi
11:46 23.06.2026 (yangilandi: 12:01 23.06.2026)

© Sputnik / Vladimir Fedorenko
Obuna bo‘lish
Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarning ro‘yxati aniqlashtirildi. Endi ayrim toifadagi mahkumlar zararni qoplamasdan turib muddatidan avval ozod qilinmaydi
TOShKENT, 23-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik takomillashtirildi. Bu haqda qonun hujjatlariga kiritilgan yangi o‘zgartishlarda belgilandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi.
Ular qatoriga quyidagilar kiritildi:
o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishning ayrim turlari;
firibgarlikning ayrim turlari; mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
hokimiyat yoki mansab vakolatini oshirib yuborish; pora olish; pora berish;
pora olish-berishda vositachilik qilish;• davlat organi xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
davlat organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi;
sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki ularni pora evaziga og‘dirib olish;
hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi bilan bog‘liq harbiy mansabdorlik jinoyatlari;
davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarliklar;
korrupsiyaga oid jinoyatlar natijasida orttirilgan mablag‘larni legallashtirish;
mansab soxtakorligi va davlat manfaatlariga qarshi qaratilgan boshqa qator jinoyatlar.
Qonun bilan o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda firibgarlik uchun sudlangan shaxslarga nisbatan yangi tartib joriy etildi.
Endi ular yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan bo‘lsa, jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, davlat xaridlarida tovar yoki xizmatning boshlang‘ich narxi bilan uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi ruxsat etilgan tafovut talablarini buzgan mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravarigacha jarima qo‘llanilishi mumkin.
Bundan tashqari, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida esa komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyat yuritadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
