OAV: Navoiy KMK aksiyalarini London va Toshkent birjalariga chiqarishga tayyorgarlik to‘xtatildi

© Sputnik / Yevgeniy Yepanchinsev / Mediabankka o‘tishMestorojdenie zolota
Mestorojdenie zolota - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 03.05.2026
Obuna bo‘lish
Navoiy KMK aksiyalarini London va Toshkent birjalarida joylashtirishga tayyorgarlik to‘xtatilgani aytilmoqda. Jarayon qachon davom ettirilishi yoki umuman qayta tiklanishi noma’lum
TOShKENT, 6-may — Sputnik. Bloomberg News manbalarga tayanib xabar berishicha, Navoiy kon-metallurgiya kombinati aksiyalarini London va Toshkent birjalarida joylashtirishga tayyorgarlik vaqtincha to‘xtatilgan. Material Mining.com saytida ham e’lon qilingan.
Nashr manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati dunyodagi yirik oltin ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan kompaniyani birjaga chiqarish uchun qulay vaqtni qayta baholamoqda.
Aksiyalarni joylashtirish London va Toshkent birjalarida amalga oshirilishi kutilgan edi. Biroq tayyorgarlik ishlari qachon qayta boshlanishi yoki umuman davom ettirilishi hozircha noma’lum.
Navoiy KMK O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega korxona hisoblanadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2025-yilda 3,2 mln troy unsiya, ya’ni qariyb 100 tonna, oltin ishlab chiqargan va dunyodagi to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi sanaladi.
Kombinatning yillik daromadi 46 foizga oshib, 10,8 mlrd dollarga yetgan. Soliq to‘lashdan oldingi foydasi esa 71 foizga o‘sib, 6,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Nashr qayd etishicha, oltin savdosi O‘zbekiston eksportida muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining asosiy qismini tashkil etadi.
Manbalarga ko‘ra, aksiyalarni birjaga chiqarish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish sabablaridan biri mulkchilik tarkibi o‘zgargan taqdirda budjetga dividend tushumlari kamayishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Bloomberg O‘zbekiston UzNIF IPOsidan keyin boshqa davlat kompaniyalarini ham birjaga chiqarishni davom ettirishi mumkinligini qayd etgan. Prezident qarorida “Navoiyuran” va Uzbekistan Airways ham aksiyalari birjaga chiqarilishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar qatorida tilga olingan.
Aksii UzNIF budut vistavleni na Londonskoy i Tashkentskoy birjax - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 09.04.2026
Tarixda ilk bor: UzNIF aksiyalari London va Toshkent birjalariga chiqariladi
Yangiliklar lentasi
0