Ilhom algoritmlari: SputnikPro mahorat darsi yana Tashkent Perfect University’da

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Modul tinglovchilari sun’iy intellekt bilan qanday “do‘stlashish” va nima uchun bild-muharrir o‘t o‘chiruvchilarga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligi haqida bilishib oldi.
TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Tashkent Perfect University talabalari uchun vizual kontent yaratishda neyrotarmoqlardan foydalanishga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Ekspert sifatida “Rossiya segodnya” media guruhi fotoaxborot boshqarmasining SI- bild-muharriri Anna Markelova ishtirok etdi.
Ma’ruzachining ta’kidlashicha, bugungi kunda internet raqsga tushayotgan mushukchalar bilan to‘lgan bir paytda, kontent esda qolarli va jiddiy xatolardan xoli bo‘lishi uchun neyrotarmoqlarni mohirona boshqara olish muhimdir.
Neyrotarmoqlar bilan ishlashning yorqin misollaridan biri tarixiy loyihalar bo‘ldi. Anna Markelovaning aytishicha, u knyaginya Olga yoki qadimda yo‘q bo‘lib ketgan sirtlon — dinokrokut obrazini yaratishda tarixchilar va olimlar bilan maslahatlashgan.
Neyrotarmoqlarga dezinformatsiya vositasi sifatida ham alohida e’tibor qaratildi.

“2025 yilda Kaliforniyada juda kuchli yong‘inlar yuz berdi va internetda “Gollivud” yozuvi yonayotgan sun’iy tasvirlar tarqaldi. Ba’zi ommaviy axborot vositalari buni haqiqiy fotosurat deb o‘ylab, hatto shu haqda materiallar chop etdi”, — deya eslatdi notiq.

Markelovaning ta’kidlashicha, agar muharrirlar, masalan, o‘t o‘chirish xizmatiga yoki boshqa vakolatli idoralarga qo‘ng‘iroq qilganida, bunday holat yuz bermasligi mumkin edi.
Qalbakilikni yana qanday aniqlash mumkin? Ekspert tekshirishning uchta asosiy usulini taklif qildi: ko‘z bilan tahlil qilish, Google orqali manbasini izlash va sun’iy intellekt detektorlaridan foydalanish.
Ba’zan oddiy mantiqiy tahlilning o‘zi ham kifoya: tafsilotlarga e’tibor qaratish, tasvirlangan tana a’zolarini sinchiklab ko‘zdan kechirish zarur — ko‘pincha neyrotarmoq qo‘llarni noaniq tasvirlaydi yoki tananing bir qismini boshqa joyga joylashtirib qo‘yadi.

“Neyrotarmoq bitta bayroqni uddalashi mumkin. Ammo agar uchta bayroq bo‘lsa, u mavjud bo‘lmagan mamlakatlarni o‘ylab topishni boshlaydi. Logotip va mayda elementlar ham ko‘pincha noto‘g‘ri aks ettiriladi. Bundan tashqari, soyalar bilan bog‘liq xatolar ham uchraydi — obyektlar bir tomonga harakatlanadi, soyalar esa boshqa tomonga”, — deya izoh berdi Anna Markelova.

Nima uchun neyrotarmoqlar bilan ishlashni bilish kerak?
Bugungi kunda tasvirlar yaratish nafaqat jurnalist va bild-muharrirlar, balki blogerlar yoki oddiy internet foydalanuvchilari uchun ham foydali. Sun’iy intellekt messenjerlarda muloqot qilish uchun stiker to‘plamlarini yaratishga va arxiv kadrlarini tiklashga qodir yordamchidir.
Bild-muharrir Anna Markelovaning ma’ruzasini tinglash uchun 100 nafardan ortiq talaba keldi.
Mahorat darsining muhitini Sputnik O‘zbekiston videosida tomosha qiling.
SputnikPRO ilk bor Tashkent Perfect University’da ma’ruza o‘tkazdi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 16.12.2025
SputnikPRO loyihasi hamkorlikning yangi ufqlarini ochmoqda - video
Yangiliklar lentasi
0