Birinchi yanvardan nimalar o‘zgarmoqda

© © Sputnik/ Stas Etvesh/ Mariya VishnyakovaDen 1-yanvarya
Den 1-yanvarya - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 01.01.2026
Obuna bo‘lish
Tadbirkor xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanadi, biznes boshlash osonlashadi, ayrim tibbiyot xodimlariga pul mukofoti va qator imtiyozlar beriladi – batafsil maqolada.
TOShKENT, 1 yanv – Sputnik. 2026 yil 1-yanvardan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator o‘zgarishlar va boshqa yangiliklar kuchga kiradi. Quyida Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlangan materialni taqdim etamiz.
Biznes 15 daqiqada
Qonunchilikka ko‘ra, 1-yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
elektron raqamli imzo kalitini berish;
bank hisob-varaqlarini ochishga ariza topshirish hamda ularni faollashtirish;
ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya, ruxsatnoma olishga ariza yoki xabarnoma yuborish;
ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;
onlayn nazorat-kassa mashinalarini onlayn ravishda xarid qilish va ularni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni YaMMT IDAKda hisobga qo‘yish.
“Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominatsiyasi joriy etiladi
Bunda g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha mezonlar quyidagilar:
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari soni;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan kichik biznes subyektlari tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni;
har 1 000 nafar aholiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar soni va ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori;
mahalla fuqarolari tomonidan mol-mulk va yer soliqlarining to‘langanlik darajasi.
YaTTlarga firma nomiga ega bo‘lishga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlarning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda ushbu ma’lumotlar bo‘yicha o‘zgartirishlar YaTT guvohnomasiga, litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarga avtomatik tarzda bepul kiritiladi.
Tadbirkor xotin-qizlar qo‘llab-quvvatlanadi
Qonunchilikka ko‘ra, “NAMRON” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (Dastur) doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan quyidagi qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi:
tijorat banklari tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqorini tashkil qilgan va (yoki) rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha BHMning 25 ming baravarigacha miqdorda kredit ajratish;
“Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” AJ tomonidan tijorat banklari kreditlarining 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etish.
“Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi miqdorlari
“Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi oyiga BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
Toshkent shahrida – 30 foiz;
viloyatlar markazlarida – 25 foiz;
respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazmning Urganch shaharlarida – 15 foiz;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning qolgan tuman (shahar)larida – 10 foiz.
“Burokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ishga tushiriladi
U Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Dasturning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash;
ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.
Maktab direktori va uning o‘rinbosarlariga KPI natijasiga ko‘ra ustama beriladi
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.
Ayrim tibbiyot xodimlari farzandlarining kontrak to‘lovi bir qismi qoplab beriladi
Kamida 15-yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi.
Ayrim tibbiyot xodimlariga pul mukofoti beriladi
Tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga BHMning 50 baravari mi
President AI Award tanlovi o‘tkaziladi
“Yoshlarning sun’iy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston prezidentining sovrini uchun “Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi o‘tkaziladi.
Qurilish sohasidagi yosh olimlar uchun ilmiy stajirovka tanlov
Qurilish materiallari sohasida faoliyat olib borayotgan yosh olimlar uchun belgilangan tartibda xorijiy ilmiy stajirovka tanlovi e’lon qilinadi.
Shuningdek, 2026–2028 yillar uchun umumiy moliyalashtirish hajmi 30 mlrd so‘mlik ilmiy loyihalar tanlovlari e’lon qilinadi.
Ayrim holatlarda pasport yoki ID kartani taqdim etish talabi bekor qilinishi
Notarial harakatlarni amalga oshirishda O‘zbekiston fuqarolari uchun pasport yoki ID kartanining aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi. Bunda fuqarolarning shaxsi shaxsni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali AKTdan foydalangan holda identifikatsiya qilinishi hamda biometrik ma’lumotlar (barmoq izi va Face ID) orqali verifikatsiya qilinishi nazarda tutilgan.
Yangi qurilayotgan turar joy majmualari nomi o‘zbekcha bo‘lishi
Qurilayotgan turar joy majmualari nomlari davlat tilida bo‘lishi, davlat tili qoidalari va meyorlariga rioya etishi lozim.
Bundan tashqari, obyekt pasporti, peshlavhalar va qurilish maydonining vaqtinchalik to‘siqlaridagi boshqa yozuvlar davlat tilida bo‘lishi talab qilinadi. Qurilayotgan obyektlar haqidagi reklama va e’lonlarda davlat tilidan foydalanish majburiy hisoblanadi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning reklama xarajatlari qoplab beriladi
Mahalliy sanoat korxonalariga mahsulotlarini O‘zbekiston hududida OAV, ijtimoiy tarmoqlar, savdo maydonchalari va mobil ilovalarda joylashtirish orqali targ‘ibot va tashviqot qilish xarajatlarini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berishga ruxsat etiladi.
Bunda mazkur xarajatlarning 50% dan 100% gacha qismi, biroq bir yilda 250 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi. Savdo-sanoat palatasining xulosasiga asosan sanoat korxonalariga kompensatsiyalar taqdim etiladi.
O‘zini o‘zi band qilganlar faoliyat turlari qisqartiriladi
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqartiriladi.
Ro‘yxatdan quyidagilar chiqarib tashlanadi:
chakana savdo;
sartaroshlik va kosmetologiya xizmatlari;
foto va video suratga olish;
qandolatchilik mahsulotlari;
salatlar va tuzlamalar, ichimliklar tayyorlash;
gidlik xizmatlari;
kopirayting, tarjimonlik;
riyeltorlik xizmatlar;
avtotransport vositalarini ta’mirlash;
yog‘och o‘ymakorligi;
taqinchoqlar va attorlik buyumlari ishlab chiqarish;
repetitorlik va to‘garaklar olib borish hamda boshqa ayrim faoliyat turlari.
Shu bilan birga, unga marketpleyslarda tovarlar va xizmatlarni sotish, shuningdek, nomoddiy madaniy meros obyektlarini saqlash kiritiladi. O‘zini o‘zi band qilganlarga hayvonlardan faqat tovuq boqishga ruxsat beriladi.
QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etiladi
Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.
6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan (4 mln 448,5 ming so‘m) oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlanadi.
Chiqindi xizmatlarida faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi
O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Mazkur tartibga ko‘ra, endilikda sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasining yangi tizimi joriy etiladi
Fuqarolar davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan majburiy va ixtiyoriy asosda qamrab olinadi.
Fuqarolarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar ularning minimal sug‘urta staji va to‘lagan sug‘urta badaliga mutanosib ravishda Ijtimoiy himoya milliy agentligining Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi.
1 yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi jamg‘arma orqali proaktiv shaklda tayinlanadi va to‘lanadi.
Kambag‘al oilalar a’lochi farzandlarining oromgohlarda dam olishi to‘liq qoplab berishi
2026 yil 1-yanvardan kambag‘al oilalarning "a’lo" baholarga o‘qiydigan farzandlarining O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Sayyor soliq tekshiruvlarida mobil videokameradan foydalaniladi
2026 yildan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi
Chet el fuqarolarining O‘zbekistondan tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi. Uning doirasida bunday daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.
Ozod etish sharti sifatida chet el fuqarolari 50 ming dollar miqdorida maxsus yig‘im to‘lashi va O‘zbekistondagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘i yoki kripto-birjada kripto-hamon ochishi shart etiladi.
Ketma-ket 12 oylik davr davomida jami 30 kalendar kundan ko‘proq mamlakatda haqiqatda bo‘lgan jismoniy shaxslar ular mulk yoki ijara huquqi asosida turar joy ko‘chmas mulk obyektiga ega bo‘lganda O‘zbekistonning soliq rezidentlari deb e’tirof etiladi.
Toshkentda avtomobillarga ekostiker berish boshlanadi
Hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangan. Ular quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:
— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:
Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi avtomobillar — "toza";
Yevro-0 va Yevro-1 — "o‘rta".
— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:
Yevro-4 va undan yuqori — "toza";
Yevro-3 — "o‘rta";
Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — "zararli".
Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3-yildan oshmagan transport vositalari "toza" toifa oladi.
Ekologik toifa avtomatik tarzda “Avtomototransport hisobi” modulida belgilanadi, avtomobil sinfi noma’lum bo‘lsa, diagnostika tekshiruvi o‘tkaziladi. Natijadan norozi bo‘lgan avtomobil egalari qayta diagnostikadan o‘tishi mumkin, "o‘rta" yoki "zararli" toifa olganlar esa yiliga bir marta bepul tekshiruvdan o‘tib, toifani yaxshilash huquqiga ega. Keyingi diagnostika va ekostikerlar BHMning bir baravari — 412 ming so‘m evaziga beriladi.
Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi. U barcha turdagi avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan meyorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham ushbu tizim doirasida beriladi.
Ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi, ungacha esa haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri bo‘ladi.
Ismni avtomobilga raqam sifatida qo‘yishga ruxsat beriladi
"O‘zavtomotobelgi" davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun "noyob" davlat raqami belgilarini ochiq kim oshdi elektron savdolari orqali berish huquqi berildi.
2026 yil 1-yanvardan boshlab O‘zRTXB tizimida raqam belgilari bilan o‘tkaziladigan auksion, shuningdek, "chiroyli" raqamlarni yuqori narxlarda berish tartibi bekor qilinadi. Uning o‘rniga, maxsus harf va raqam kombinatsiyalari bo‘lgan davlat raqamlari jismoniy shaxslar va tashkilotlarga elektron murojaat asosida taqdim etiladi.
Auksionda oltitagacha harf yoki raqamlar kombinatsiyasidan iborat avtomobil raqamini sotib olish mumkin. Bunda "noyob" davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axloqiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.
Masalan, endi ko‘chalarda "SARVAR", "AZIZA", "ODIL" yoki "BUXORO" deb yozilgan raqamli mashinalarni ko‘rish mumkin.
Soliqlar nimalarga sarflanayotganini kuzatish mumkin
"Ochiq budjet" axborot portalida jismoniy shaxslar tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari ma’lumotlarini o‘zida aks ettiruvchi "Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar" moduli ishga tushiriladi.
Bunda:
jismoniy shaxs tomonidan muayan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumot;
to‘langan soliqlar evaziga Davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (xarajatlar yo‘nalishlari kesimida) doimiy ravishda e’lon qilib boriladi.
Yagona QR kod orqali to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘ladi
O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha korxonalar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishda yagona QR kod joriy etiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha kompaniyalar banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qiladi.
2026 yildan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1-yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
33 ta namunaviy tuman va shaharida davlat idoralari rahbarlarining rotatsiyasi joriy etiladi
"Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi" 33 ta namunaviy tuman va shaharda hokimiyat hamda boshqaruv organlarining bo‘lim rahbarlari, shuningdek, hokimlar va o‘rinbosarlari rotatsiyasi joriy etilmoqda.
Qolaversa, xodimlarning korrupsiyaga chidamliligini baholash va kadrlar zaxirasini shakllantirish tizimi yangilanmoqda.
Yangi davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yilga tuziladi
2026 yil 1-yanvardan boshlab yangi davlat xizmatchilari bilan dastlab 1-yillik mehnat shartnomasi tuziladi, faoliyatining ijobiy natijalari bo‘lsa, u doimiy shartnomaga aylantiriladi. Iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash hamda tanlash bo‘yicha "TOP-100" dasturi joriy etiladi
Issiqxona xo‘jaliklariga 1 foizli ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llanadi
2026 yil 1-yanvardan 2028-yil yakuniga qadar issiqxona xo‘jaliklariga 1 foizli ijtimoiy soliq stavkasi qo‘llanadi. Issiqxona xo‘jaliklari uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun ularga yana bir qator soliq va kredit imtiyozlarini berish ko‘zda tutilgan.
Vakolat.uz platformasi
Davlat xizmatlaridan boshqa shaxslar vositasida foydalanish imkonini beruvchi Vakolat.uz platformasi ishga tushiriladi.
Unda, shuningdek, ishonchnomalarni ixtiyoriy ro‘yxatdan o‘tkazish hamda barcha turdagi ishonchnomalarning haqiqiyligini tekshirish mumkin. Platformadan foydalanish bepul bo‘ladi.
Yerga oid huquqbuzarliklarning "qizil", "sariq", "yashil" toifalari
Yerdan samarasiz foydalanish, o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoliga ko‘ra hududlar "qizil", "sariq", "yashil" toifalarga bo‘linadi.
"Qizil" va "sariq" toifadagi hududlar kuzatuvga olinadi. Yerga oid huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yganlarga faqat "E-yer nazorat" tizimi orqali chora ko‘riladi.
Moped va skuterlar uchun alohida haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi
Moped va skuterlarni boshqarish uchun A1 kichik toifasi joriy etiladi. Ushbu toifani olish istagida bo‘lganlar avtomaktablarda majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan, mustaqil tayyorlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishlari mumkin bo‘ladi.
"A", "B", "S", "D" toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lganlar A1 kichik toifasidagi avtotransport vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishlari mumkin.
A1 kichik toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta testdan boshqa toifalardan farqli 18 ta emas, kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob berganlar nazariy imtihonni topshirgan deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qo‘yiladi.
Onlayn ro‘yxatga olish
Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olish bir yilgacha bo‘lgan muddatga YaIDXP orqali amalga oshiriladi.
Daromadi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilganlar aylanma solig‘i to‘laydi
YTT uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.
Shuningdek, soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi ham bekor qilingan.
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanadi.
Ulushli qurilish sohasida eskrou hisoblari ommaviy joriy etiladi
Prezident tomonidan imzolangan farmon bilan qurilishga ulush kiritish faqat notarial tasdiqlangan shartnoma asosida amalga oshirilishi belgilangan edi. Shuningdek, 1-yanvardan boshlab, qurilishni moliyalashtirishning yagona yo‘li eskrou hisob tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida hisoblanadi
Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.
Qurilish va savdo sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa texnikasi cheklari, bojxona yuk deklaratsiyalari, notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomalari va boshqa hujjatlar) hisobini yuritishi shart. Bu operatsiyalar amalga oshirilganidan keyin 15 kun ichida soliq organlarining ma’lumotlar bazasida shaxsiy kabinet orqali aks ettirilishi talab etiladi.
Avtomobilnoe dvijenie po ulitse Buyuk Ipak Yuli - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.12.2025
Eko-stikerlarga izoh berildi: gibrid va 3-yildan oshmagan avtomobillar toza toifaga kiradi
Yangiliklar lentasi
0