O‘zbekistonda ilk bor murakkab epilepsiyani noyob amaliyot orqali davolash yo‘lga qo‘yildi

© iStock / sudok1Kapelnitsa. Arxivnoe foto
Kapelnitsa. Arxivnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.03.2025
Obuna bo‘lish
Noyob operatsiyalardan biri 6 oylik bemorda bajarildi.
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbek neyroxirurgiyasida ilk bor murakkab epilepsiyani noyob amaliyot orqali davolash yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G‘ayrat Kariyevning qayd etishicha, markazda o‘zbek neyroxirurgiyasida ilk bor murakkab epilepsiyani davolash uchun vertikal gemisferotomiya operatsiyasi joriy qilindi.
“Natijada shu yilning o‘zida bajarilgan jami jarrohlik amaliyotlari soni 550 taga yetdi. Shundan 330 dan ortig‘i yuqori texnologik muolajalardir. Qolaversa, shu yilning o‘tgan davrida klinikada endovaskulyar – qon tomir ichi orqali bosh miya kasalliklarini tashxislash va davolashning yangi usullari tatbiq etildi. Ana shunday noyob operatsiyalardan biri og‘ir shakldagi farmakorezistent lateralizatsiyalangan epilepsiya xastaligiga chalingan 6 oylik jajji bemorda bajarildi”, — dedi markaz direktori.
Ushbu amaliyotning murakkabligi shundaki, bola ikki oyligidan boshlab doimiy tutqanoq xurujlariga duchor bo‘lgan. Bir necha oy davomida esa to‘xtovsiz xurujlar sababli hushsiz holda bo‘lgan.
Aytilishicha, yosh bemorlarda bu turdagi operatsiya yuqori xavfga ega bo‘lib, uni bajarish jarrohlardan alohida mahorat talab etadi.
“Quvonarlisi, ushbu amaliyot muvaffaqiyatli o‘tib, bemor xastalikdan xalos bo‘ldi. Ayni paytda bolakay to‘laqonli hayotga qaytishi uchun reabilitatsiya jarayonlari olib borilyapti”, — deya qayd etilgan xabarda.
Shuningdek, klinikada qozog‘istonlik bolalar neyroxirurgi A. Jayilganov va mahalliy mutaxassislar ishtirokida vertikal gemisferotomiya murakkab operatsiyasi bajarildi.
Markaz hamda Yaponiyaning Fujita tibbiyot universiteti, Banbuntan Xotokukay gospitali, Belarus travmatologiya va ortopediya hamda nevrologiya va neyrojarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari o‘rtasida imzolangan memorandumlar asosida yetakchi mutaxassislarni muassasaga jalb qilish ko‘zda tutilgan.
Konsepsiya iskusstvennogo intellekta. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 17.02.2025
Rossiyalik olimlar epilepsiyani sun’iy intellekt yordamida aniqlash usulini yaratishdi
Yangiliklar lentasi
0