Toshkentda ayrim kasalliklarga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yilmoqda — SSV
© Depositphotos / SdecoretInterfeys sifrovogo iskusstvennogo intellekta
© Depositphotos / Sdecoret
Obuna bo‘lish
O‘tgan yili sun’iy intellekt yordamida turli xil teri kasalliklarini keng tarmoqli dermatoskopiya usulida diagnostika va monitoring qilish yo‘lga qo‘yildi.
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Dermatovenerologiya va kosmetologiya markazida kasalliklarga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi va markazga ISO 9001:2015 hamda ISO 7101:2023 xalqaro sifat standartlarini joriy etildi.
“Markazimizda qo‘llanilayotgan tashxis usullari 373 taga va muolaja usullari esa 872 taga yetdi, — deydi muassasa direktori Ulug‘bek Sabirov. — Xususan, o‘tgan yili sun’iy intellekt yordamida turli xil teri kasalliklarini keng tarmoqli dermatoskopiya (FotoFinder) usulida diagnostika va monitoring qilish yo‘lga qo‘yildi".
Surunkali teri kasalliklari tashxisotida terining yuqori chastotali ultratovush tekshiruvini tatbiq qilishga erishildi. Terining pufakli dermatozlarida bilvosita immunoflyuoressensiya usuli o‘zlashtirildi.
Teri osti yog‘ birikmalari hosil bo‘lishi bilan kechuvchi teri nuqsonlarini davolashda CLATUU kriolipoliz texnologiyasi, terining involyutiv o‘zgarishlarini bartaraf qilish va yashartirishda implantat-biostimulyator usuli amaliyotga joriy qilindi.
Shuningdek, markazda ilk bor nanoyog‘ va stromal-vaskulyar fraksiyalar (SVF) hamda mezinxemial o‘zak hujayralar (ADSCs) orqali teri va teri osti yog‘ to‘qimalari nuqsonlarini bartaraf qilish kabi eng noyob amaliyotlar yo‘lga qo‘yildi.
“Markaziy Osiyoda birinchi marta po‘rsildoq yara kasalligida monoklonal antitanalar va immunoglobulinlar yordamida bemorlardagi xastalikni deyarli butunlay davolashga erishish amaliyoti hamda o‘sma to‘qimalarini qavatma-qavat olib tashlash usulidan foydalanishga kirishildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Umuman, 2024-yil davomida 406 nafar bemorda teridagi hosilalarni sun’iy intelekt yordamida tashxislash, 343 nafarining teridasigi nuqson va hosilalarni yuqori chastotali ultratovush tekshiruv apparatida baholash amalga oshirildi.
“Pufakli dermatozlarni taqqoslash maqsadida 372 nafar bemorda bilvosita immunoflyuoressensiya tekshiruvi, chanoq a’zolari xastaliklariga chalingan 60 nafar bemorda yuqori intensiv yo‘naltirilgan elektromagnit texnologiya yordamida muolaja o‘tkazildi. nafar bemorda noinvaziv usulda ortiqcha yog‘larni kriolipoliz texnologiyalari yordamida olib tashlash bo‘yicha yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari bajarildi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, ayni paytda markaz mutasaddilari yuqori texnologik diagnostika va muolaja usullarini yanada ko‘paytirish hamda quyiga tushgan holda ularni viloyatlar va tuman(shahar)lar darajasida keng tatbiq etish, buning uchun har bir viloyatdan 2 ta tumanni namunaviy hududga aylantirish ustida ish olib borilmoqda.