Asl va asil, xurma va xurmo: o‘xshash so‘zlar ma’nosini farqlay olasizmi?

© Unsplash / Dollar GillKitob o‘qiyotgan talaba, arxiv surat
Kitob o‘qiyotgan talaba, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 22.08.2023
Obuna bo‘lish
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning navbatdagi soni ba’zan xato qo‘llaniladigan bir necha paronim so‘zlarga bag‘ishlangan.
Tilimizda talaffuzi bir-biriga o‘xshash, ma’nolari farqli talay so‘zlar bor bo‘lib, tilshunoslar ularni paronimlar deb ataydilar. Asosan bitta tovushi bilan o‘zaro farqlanadigan bunday so‘zlarning ma’nolarini bilib borish va nutqda ulardan to‘g‘ri, o‘rinli, maqsadga muvofiq foydalana olish kishi nutqining o‘ziga xos, betakror ifoda topishida qo‘l keladi. Bu galgi maqolamizda ba’zan bilib, ba’zan bilmay xato qo‘llab keladigan bir necha paronim so‘zlar haqida fikrlashamiz.
Asl va asil. Asl so‘zi biron-bir narsaning “eng oldingi, o‘zgarmasdan avvalgi” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 4-jild, 326-bet) ma’nosini bildiradi. Masalan, “Qazisan, qartasan, asli naslingga tortasan” maqolida asl so‘zi “kelib chiqish nasli” ma’nosida qo‘llangan. Yoki “Birpasda asl holiga qaytdi” jumlasida ham “oldingi, o‘zgarmasdan avvalgi” ma’nosida kelgan.
Agar biz biron-bir narsaning, deylik, mahsulotning “eng yaxshi, juda sifatli ekanligi, tarkibiga begona modda qo‘shilmaganligi yoki qalbaki emasligi”ni bildirmoqchi bo‘lsak, asil so‘zini qo‘llashimiz lozim. “Asil aynimas, aynisa ham chirimas” maqolida “asil aynimas” deyish bilan “toza mol, yaxshi narsa yomon chiqmaydi” deyilmoqchi. Ammo quyidagi jumlada asl so‘zi o‘rnida asil qo‘llanishi zarur edi: Butik – fransuzcha “Voutique” so‘zidan olingan bo‘lib, unda asosan ma’lum bir toifadagi mijozlarga mo‘ljallangan asl mollar sotiladi.
Endi jumladagi asl mollar birikmasidagi asl so‘zini asil bilan almashtirsak, “asil mollar” birikmasi yuzaga keladi hamda yuqorida aytganimizdek, “eng yaxshi, juda sifatli, qalbaki bo‘lmagan mollar” ma’nosi anglashiladi.
Yana bir saytda aholini qalbaki mahsulotni haqiqiysidan farqlashga bag‘ishlangan “Ehtiyot bo‘ling, Made in China!” maqolasida ham asil so‘zi qo‘llanishi lozim o‘rinda asl chalkash qo‘llangan: Misol uchun, siz-u biz ishlatib yurgan “iPhone” telefonlari ham aynan Xitoyda siz foydalanib turgan holatga keltiriladi va ular asl mollar hisoblanadi. Bu o‘rinda ham muallif “asl mollar” deyish bilan “qalbaki bo‘lmagan mollar” demoqchi.
Bo‘yicha va bo‘yincha. Bo‘yicha ko‘makchi so‘z bo‘lib, “muvofiq, binoan, ko‘ra”, “oid, tegishli”, “sohasida, masalasida”, “holatida, shaklida” ma’nolarini va qishloq, tuman, viloyat kabi so‘zlar bilan birga kelib, voqea-hodisaning o‘sha joyga tegishliligini bildiradi (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-jild, 404-bet). Masalan: 1. Chol odati bo‘yicha soyga yuvinishga tushdi-yu, qaytishga madori yetmay qoldi. (Sh.Xolmirzayev, Qariya) 2. Harqalay, maktabda chopish, sakrash, mushtlashish – boks bo‘yicha ilg‘orlar qatorida edim. (Sh.Xolmirzayev, Oqtosh) 3. Zohidning bu dargohga kelishidan maqsadi dastlabki ish bo‘yicha haqiqat tagiga yetish. (Tohir Malik, Shaytanat) 4. Sattor yurib ketayotgan bo‘yicha o‘girilib qaradi. (Pirimqul Qodirov, Erk) 5. Shahar bo‘yicha faqat obkom sekretari Rajabovni derazasi yorug‘ bo‘lib turibdi. (Tog‘ay Murod, Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi)
Bo‘yincha so‘zi “ot, eshak kabi hayvonlar bo‘yniga xomut ostidan kiydiriladigan, usti teri, ichiga poxol solingan halqa shaklidagi abzal”ni bildiradi. (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 1-jild, 403-bet) Biroq aksar nashrlarda ot-ulov abzali ma’nosidagi bo‘yincha so‘zi bo‘yicha ko‘makchisi o‘rnida xato qo‘llanadi. Kuzating: “La Gazzetta dello Sport” nashrining ta’kidlashicha, “Roma” mutasaddilari bosh murabbiy Joze Mourino talabiga ko‘ra, kelasi mavsum uchun kuchli tarkibni shakllantirish bo‘yincha ish olib bormoqda. Futbol bo‘yincha Angliya Premyer-Ligasida 1-tur bellashuvlariga rasman yakun yasaldi.
To‘g‘ri, o‘zbek tili tarixida bo‘yincha so‘zi bo‘yicha ko‘makchisi o‘rnida qo‘llangan (Ajabi shulki, idorada g‘alat yozilib kelgan ismlarni to‘g‘ri yozib yuborilsa, egalari rozi bo‘lmaydur. Ismlari arabiy ekan, arab qoidasi bo‘yincha “alif” — “lom” ila yozsang, shikoyat etarlar. (Mahmudxo‘ja Behbudiy, Jaholat dardlaridan). Ammo hozirgi o‘zbek adabiy tilida leksik meyor bo‘yicha so‘zini talab qiladi. Bizning kuzatishlarimizdan mazkur xatolikning shevada yozishdan kelib chiqqanligi ma’lum bo‘ldi.
Yondosh va yondash. Yondosh degani “yonma-yon, yonida turadigan, yonida joylashgan” va “biri ikkinchisiga bog‘liq bo‘lgan, biri boshqasiga aloqador” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2-jild, 39-bet) ma’nolarini bildiradigan sifat so‘zdir. “Bizning uyimiz raisning uyiga yondosh edi” deganda yondosh so‘zi “yonma-yon, yonida joylashgan” ma’nosini ifodalagan. Yondash so‘zi esa “nimaningdir yoniga kelmoq, yaqinida bo‘lmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2-jild, 38-bet) ma’nosini bildiradigan fe’l so‘z. “Yaxshiga yondash, yomondan qoch” maqolida shu so‘z qo‘llangan va yaxshi kishilarning “yonida bo‘l” ma’nosini bildirgan. Nutqda bu so‘zlarni farqlamay qo‘llash kamida uslubiy xatoga sabab bo‘lsa, ko‘pi bilan kulguli vaziyatni yuzaga keltiradi. Masalan: Dunyo hamisha ikkiga, oq va qora, yaxshi va yomon, yorug‘lik va zulmat, ha va yo‘qqa bo‘linadi. Boshqa ranglar bo‘lsa, oq yoki qoraga yondash ranglardir. Aslida mazkur jumlada yondosh so‘zi ishlatilish lozim edi, chunki “boshqa ranglar oq yoki qora rangga yaqinroq ranglar” deyilmoqchi.
Yonilg‘i va yoqilg‘i. Kundalik so‘zlashuvda, ommaviy axborot vositalarida muntazam biri o‘rnida ikkinchisi almashtirib ishlatiladigan paronimlardan hisoblanadi. Aslida yonilg‘i so‘zi “benzin, kerosin, neft kabi yonadigan suyuq moddalar”ni (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2-jild, 39-bet) bildiradi: Samolyotga faqat uchib borishgagina yetadigan yonilg‘i quyiladi. (Said Ahmad, Umrim bayoni) Yoqilg‘i so‘zi esa “o‘tin, ko‘mir kabi yoqiladigan narsalar” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 2-jild, 55-bet) ma’nosini ifodalaydi: Shu gazga ishonib, yetarli miqdorda yoqilg‘i jamg‘armagani tufayli ko‘pqavatli uylardagi oilalarning qishda sovuq qotishi insofdanmi?! (Asad Asil, Alqor, nega ko‘zing to‘la yosh) Diqqat qilsangiz, birinchi jumlada suyuq modda – benzin, ikkinchi jumlada o‘tin yoki ko‘mir nazarda tutilgan.
Quyidagi misollarda esa yonilg‘i va yoqilg‘i so‘zlari chalkashtirib qo‘llangan: Og‘ir ob-havo sharoiti, yonilg‘i, oziq-ovqat tanqisligi, kiyim-kechaklar yaroqsizligi oqibatida qo‘shinining ma’lum bir qismini yo‘qotgandan so‘ng Perovskiy Xivaga yurishini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. (Majid Hasaniy, Yurt bo‘ynidagi qilich yoki istilo) Mahsulotlarimiz ichida A-80, A-91, A-93, A-95, aviakerosin, dizel yoqilg‘isi, mazutlar bor. (Sharq yulduzi) Endi o‘zingiz ushbu jumlalardagi yonilg‘i va yoqilg‘i so‘zlarining o‘rnini almashtirsangiz, uslubiy xato bartaraf bo‘ladi.
Xurma va xurmo. Xurma so‘zi “qatiq ivitish, sut va boshqa suyuqliklarni saqlash uchun ishlatiladigan sopol idish” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 4-jild, 326-bet) ma’nosini bildiradi: Fotihadan keyin Oftob oyim tovoqni xurmaga, xurmani tovoqqa urishtirib kuyovga qatiq olib chiqdi. (Abdulla Qodiriy, O‘tkan kunlar) Xurma qo‘shquloq ham deyiladi: Said Jalolxon raisning oldidagi qatiqni qo‘shqulog‘i bilan olib chiqib ariqqa tashladi. (Abdulla Qahhor, Bashorat) Xurmo so‘zi esa asli vatani “tropik va subtropik mamlakatlar bo‘lgan, hozirda O‘zbekistonda ham o‘sadigan mevali daraxt va uning usti to‘q sariq, ichi jigarrang mevasi” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 4-jild, 326-bet) ma’nosini anglatadi: Dasturxonlarga shirinliklar, xurmolar, norinjlar, boshqa anvoyi mevalar qo‘yildi. (Pirimqul Qodirov, Avlodlar dovoni)
Biroq ayrim ommaviy axborot vositalarida xurmo so‘zini xurma tarzida chalkash qo‘llash holatlari uchraydi: Ma’lumotnomaga ko‘ra, har bir tomorqada gilos, olma, nok, shaftoli, xurma, o‘rik, anjir, behi-yu hokazolar ekilishi zarur ekan. (“Qashqadaryo” gazetasi) Bu o‘rinda xurmo so‘zini qo‘llash bilan uslubiy xatolik barataraf bo‘ladi.
O‘tkazmoq va o‘tqazmoq. Mazkur paronimik juftlik ham kundalik so‘zlashuv va ommaviy axborot vositalarida o‘zaro almashtirib qo‘llanadi. O‘tkazmoq so‘zi “kimgadir o‘tish uchun imkoniyat yaratib bermoq, yo‘l bermoq” (Ma’rufov A. Paronimlar lug‘ati. (Talaffuzi yaqin so‘zlar) – Toshkent: O‘qituvchi, 1974. 47-bet) ma’nosini bildiradi: Qani soldat, bir azamatlik qilib, meni o‘tkazib yubor-chi, ruxsatnomam mehmonxonada qolib ketibdi. (Ahmadjon Meliboyev, Qirq beshinchi bekat) O‘tqazmoq so‘zi esa “kimsaning o‘tirishi uchun joy bermoq, o‘tirishga ko‘maklashmoq”, “ekmoq” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati, 5-jild, 184 – 185-betlar) ma’nolarini anglatadi: 1. O‘shanda onasi qizini ro‘parasiga o‘tqazib, chorshanba kuni fotiha, kelasi haftada nikoh to‘yi bo‘lajagini aytganda, Qorako‘zbegim hayron bo‘lgani yo‘q edi. (Risolat Haydarova, Javzo) 2. Otadan qolgan kulbani epaqaga keltirib, hovliga to‘rt-besh tup ko‘chat o‘tqazib, tomorqani sotdi. (Shukur Xolmirzayev, Ozodlik)
Quyidagi misollarda esa har ikki so‘z chalkash ishlatilgan. Qiyoslab ko‘ring: Fayzulla noiloj o‘n ming so‘m chiqarib berdi. Erkaklar ularni o‘tqazib yuborishdi. (Abduqayum Yo‘ldoshev, To‘y) Tadbirdan maqsad Brichmulla o‘rmon xo‘jaligi ishchilariga daraxtlar o‘tkazish va o‘rmonni muhofaza qilish tadbirlarida amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Muhtaram o‘quvchi! Ehtimol, Sizlar ham bu kabi so‘zlarning xato qo‘llanish holatlarini ko‘rgandirsiz... Yoki o‘zingiz paronimlardan qay birini qo‘llashda ikkilangan chiqarsiz... Paronimlar lug‘atini bir varaqlashni tavsiya qilamiz.
O‘tgan galgi maqolamizda sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlar borasida so‘z yuritilgan edi.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qo‘l uchida, bir pul: o‘zbekcha iboralarga oid qiziqarli test, Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0