Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi

© Sputnik / Aleksey Malgavko / Mediabankka o‘tishStudenti na leksii
Studenti na leksii - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 06.10.2022
Obuna bo‘lish
Namangan muhandislik-texnologiya institutining to‘qimachilik sanoati ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishi yangi — Namangan to‘qimachilik sanoati institutiga ko‘chiriladi.
TOShKENT, 6 okt – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 28-yanvardagi 60-son farmoniga muvofiq, Namangan shahrida Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi institutda o‘quv jarayoni 2023/2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi.
Institutning asosiy vazifalari:
to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
ta’lim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo‘lga qo‘yish, kafedra filiallarini hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish;
o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash;
ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish hisoblanadi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish choralarini ko‘radi. Institut talabalarining tanishuv va malakaviy amaliyotini xorijiy va mahalliy yirik to‘qimachilik korxonalarida o‘tash tizimini joriy etiladi.
Shuningdek, talabalarning fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etiladi.
Bundan tashqari, 2024/2025 o‘quv yiliga qadar institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Bunda, Texnopark:
Namangan viloyati hokimligi tomonidan jalb etiladigan xalqaro tashkilotlarning grantlari va salohiyatli investorlar mablag‘lari hisobiga, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi;
institut ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladi hamda unga texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va tijoratlashtirish huquqi beriladi;
xo‘jalik faoliyatidan olinadigan daromadlar, grantlar, homiylik xayriyalari, institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
2026/2027 o‘quv yiliga qadar institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Namangan muhandislik-texnologiya institutiga to‘qimachilik sanoati bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi institutga yo‘naltiriladi. Namangan muhandislik-texnologiya institutining to‘qimachilik sanoati ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha tahsil olayotgan talabalar o‘qishi institutga ko‘chiriladi.
Yangiliklar lentasi
0