TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Rossiya Chexiya elchixonasining ikki xodimini persona non-grata deb e’lon qildi. Ular Moskvani oila a’zolari bilan birgalikda ikki kun ichida tark etishlari lozim. Bu haqda Rossiya TIV xabar qilmoqda.
Rossiyaning tomonidan qabul qilingan ushbu qaror Chexiyaning Rossiyadagi elchisi Vitezslav Pivonkaga ma’lum qilingan. U dushanba kuni TIVga chaqirtirilgan edi.
Qayd etilishicha, Chexiya diplomatlarining persona non-grata deb e’lon qilinishi Praganing do‘stona bo‘lmagan xatti-harakatlari va Chexiyadagi Rossiya elchixonasining ikki xodimi “bema’ni va asossiz ayblovlardan” so‘ng chiqarib yuborilganiga javob bo‘lgan.
Rossiya TIV bu 1961-yilgi Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va o‘zaro kelishuv tamoyiliga binoan amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Zahar janjali
Aprel oyi oxirida Respekt nashri Pragaga Rossiya pasportiga ega allaqanday erkak kirib kelgani haqida xabar bergan edi. Jurnalistlar ta’kidiga ko‘ra, u o‘zi bilan uch nafar mahalliy siyosatchilarni zaharlash maqsadida ritsin og‘usini olib kelgan. Bu siyosatchilar sovet marshali Ivan Konevning haykali olib tashlanishiga va Rossiya elchixonasi oldidagi maydonning Boris Nemsov sharafiga qayta nomlanishiga aloqasi bo‘lgan.
Sal vaqt o‘tib, chexiya OAVlari o‘sha erkakning ismini oshkor qilishadi — ular versiyasiga ko‘ra, u Rossotrudnichestvo vakolatxonasining rahbari vazifasini bajaruvchisi Andrey Konchakov bo‘lgan.