TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikada koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 48 kishida koronavirus aniqlandi, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 750 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 17 nafari — Karantin markazidagi (10 nafari Sankt-Peterburg shahridan charter reys bilan kelgan, 7 nafari — Tojikiston Respublikasidan chegara post orqali kirib kelgan) fuqarolar orasida, 7 nafari — Buxoro viloyatida (shundan 4 nafari bemor bilan muloqotda bo‘lgan, 3 nafari esa xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi), 3 nafari — Toshkent shahrida karantinga olingan fuqarolar orasida, 4 nafari — Toshkent viloyatida, 1 nafar — Sirdaryo viloyatida xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilarida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 49 nafar bemor tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Jami sog‘ayganlar soni 2908 nafar.
Ayni paytda 827 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.
Samaradagi vaziyat
Rossiya va Qozog‘iston chegarasida to‘plangan 25 nafar o‘zbekistonlik Qozon shahriga borishga rozi bo‘ldi, u yerdan 7-iyun kuni Toshkentga uchib ketishadi.
Samara viloyati ma’muriyatining milliy va konfessiyaviy siyosat bo‘limi boshlig‘i Nadejda Osipova ma’lum qilishicha, vaziyat hali to‘liq hal qilinmagan.
Endilikda chegarada 300 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bor, ular kelgan mintaqalarga qaytishni istamayapti. Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan kelgan odamlarning oqimi, ogohlantirishlarga qaramay, hali ham to‘xtamayapti.
"Konsullik taqdim etgan imkoniyat - charter reyslaridan foydalanishimiz kerak", dedi Osipova.
"Bozor - virus uchun tayyor o‘choq"
Qashqadaryodagi bozor “virus uchun tayyor o‘choq” ekani aytilib, karantinga yopildi.
G‘uzor tumanidagi “Karvon” bozori hududida karantin qoidalariga amal qilmay ishlanayotgani uchun karantinga yopilgan. Bu bozor viloyatda karantinga yopilgan yettinchi bozor bo‘ldi.
G‘ijduvon – qizil
G‘ijduvon ham “yuqori xavfli” hududga aylanadi.
Buxoro viloyatining Shofirkon va G‘ijduvon tumanlari — "qizil" (yuqori xavfli), Kogon tumani — "sariq" (o‘rta xavfli), qolgan barcha shahar va tumanlar "yashil" toifadagi hududlarga kiritiladi.
Bu haqda viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi va sog‘liqni saqlash boshqarmasi xulosa bergan. Endi buni Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan tasdiqlash kerak.
Dunyo salomatligi
COVID-19 dunyoning deyarli barcha davlatga yetib bordi. BSSTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yangi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan kishilarning soni 6,2 milliondan oshdi, 370 ming kishi vafot etdi.