TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Mutaxassislar immunitetning tushishi va oshishida inson amal qilishi lozim bo‘lgan bir qancha tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi.
Ularning ta’kidlashicha, tez-tez stress holatiga tushish, ovqatlanish tartibiga to‘g‘ri rioya etmaslik, doimiy uyqusizlik, uzoq vaqt oftobda bo‘lish, haddan tashqari ko‘p vaqt davomida jismoniy ish yoki o‘tiradigan turmush tarzi immunitetga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, zararli odatlardan - chekish, alkogol, giyohvandlik moddalari iste’moli ham immuninetni tushirib yuboradi.
Immunitetning kuchli bo‘lishi esa bevosita ichakning to‘g‘ri ishlashi bilan bog‘liq: unda immunitet tizimi "hujayralari" ning 80 foizi mavjud.
Qolaversa, inson iste’mol qiladigan har qanday mahsulot immunitetni kuchaytirishi yoki zaiflashtirishi mumkin. Bunda to‘g‘ri ovqatlanish, darmondorilarga boy meva-sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir.
Bifidobakteriyalar va laktobakteriyalarni o‘z ichiga olgan qatiq, yogurt mahsulotlari zararli mikroorganizmlarga qarshi ichaklar bilan birgalikda kurashadi va patogen mikroblarga qarshi asosiy himoya to‘sig‘ini yaratadi.
Ko‘p miqdordagi shirinliklar nafaqat tishlarga zarar yetkazadi balki, oshqozon osti bezini shikastlantiradi va insonning diabetga chalinishiga sabab bo‘ladi.
Qandning ortiqcha iste’mol qilinishi esa immunitet tizimini susaytiradi, infeksiyalarga qarshi kurashadigan antitelalar faolligini pasaytiradi.
Antibiotiklarni nazoratsiz iste’mol qilish ham immunitet tizimiga foyda keltirmaydi. Bu butunlay ulardan voz kechish kerak, degani emas. Asosiysi, o‘zini-o‘zi davolanishdan qochib, faqat shifokor tavsiyasi bilan dorilar qabul qilish kerak.
Tez charchash, surunkali charchoq, uyquchanlik yoki uyqusizlik, bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq bo‘lsa, mutaxassisga murojaat qilish zarur. Bu belgilar immunitet pasayganidan dalolat beradi.