TOShKENT, 10 mar — Sputnik. “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risi”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Qonun loyihasi Mehnat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.
Unda xususiy bandlik agentliklarining xorijdan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylash uchun to‘lanadigan to‘lovlarni ish beruvchi yoki buyurtmachi hisobidan undirib olishlari taklif qilinmoqda.
Ya’ni xorijdan ish qidirayotgan shaxslardan agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan xizmat evaziga to‘lov undirilishi taqiqlanadi.
Ko‘rsatilayotgan xizmat shaffofligini ta’minlash maqsadida xorijdan ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha avval ularga yozma ma’lumot beriladi.
Ushbu ma’lumotda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning bepulligi, xususiy bandlik agentligi o‘z majburiyatlarini bajarmagan holatda murojaat qilish uchun o‘zi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining bog‘lanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarini ko‘rsatishi lozim.
Bundan tashqari agentliklar O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi talabiga binoan o‘z faoliyati haqidagi to‘liq hisobotlarni taqdim etib boradi.
Vazirlik vakillari xususiy bandlik agentliklari binosiga hech qanday moneliksiz kirish, hujjatlar bilan tanishib, ulardan ko‘chirma nusxalar olish va mas’ul xodimlar faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha og‘zaki yoki yozma tushuntirishlar olish huquqiga ega bo‘ladi.