TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Joriy yilning 25-fevral kunidan “Samarqand-Toshkent-Sankt-Peterburg” yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Transport vazirligi xabariga ko‘ra, qatnovlar kun ora amalga oshiriladi. Yo‘nalishda “Uzautotrans service” MChJ va Rossiyaning “TTK GLOBUS” MChJ yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
Ma’lum qilinishicha, qatnov Samarqand avtovokzalidan soat 09:00 boshlanadi va “Toshkent” avtovokzalidan avtobus 15:00 jo‘naydi. Qatnov masofasi 4436 km.ni tashkil etadi.
Chipta narxi Samarqanddan 840 ming so‘m, Toshkentdan esa 800 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15 fevraldan "Toshkent-Omsk" yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi.