TOShKENT, 10 fev – Sputnik. Toshkentdagi kanallarning biridan chaqaloq jasadi topilgani yuzasidan IIBB rasmiy ma’lumot berdi.
Xabarda yozilishicha, bugun, 10-fevral kuni ertalab soat 10:35da ichki ishlar organlariga Chilonzor tumani hududidagi “Sovplastital” korxonasi binosi ortidagi Bunyodkor ko‘chasi bo‘ylab o‘tuvchi kanalda yangi tug‘ilgan o‘g‘il bola jasadi topilgani to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga IIB FMB rahbariyati va Chilonzor tumani prokuraturasi xodimlari yetib borgan. Ish Toshkent shahar IIBB rahbariyati nazorati ostiga olingan.
IIBB xabarida telegram tarmog‘idagi qator guruhlarda hodisa Olmazor tumanida yuz bergani haqida tarqalgan ma’lumot noto‘g‘ri ekanligi qo‘shimcha qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda it yangi tug‘ilgan chaqaloqning hayotini saqlab qolgani xabar qilingan edi.