TOShKENT, 6 fev — Sputnik. Toshkentning Yunusobod tumanida xotiniga pichoq bilan tahdid qilgan va ichki ishlar xodimiga jarohat yetkazgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Milliy gvardiya matbot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, xizmatda bo‘lgan xodim noma’lum shaxs qo‘lida pichoq bilan ayol kishini quvib kelayotganini ko‘rib, zudlik bilan ko‘ngilsizlikni oldini olishga uringan.
Noma’lum erkak ayolga yetib olgan paytda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi yetib kelib, ayolni pichoq bilan tahdid qilayotgan erkak qo‘lidan ajratib olgan. Tartibbuzar shu zahoti qochib ketgan.
So‘ngra hududdagi post-patrul ekipajiga holat yuzasidan xabar berilgan. Fuqaro Yunusobod 9-dahada to‘xtatilgan. Fuqarodan qo‘lidagi pichoqni tashlash talab qilingan. U esa Milliy gvardiya va PPX xodimi talabini bajarmasdan, haqorat qilgan. Ularni o‘ziga yaqinlashtirmaslik uchun tosh va boshqa qo‘liga ilingan narsalarni ota boshlagan.
Fuqaro uni ushlash vaqtida ichki ishlar xodimining oyog‘iga pichoq sanchib olgach, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi Yo.F. PR73 (rezina tayoq)ni ishlatishga majbur bo‘lgan.
Natijada jinoyatchi qo‘lga olingan va Yunusobod tuman IIB bo‘limiga topshirilgan. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar Shayxontohur tumanida yashovchi er-xotin S.N. va S.A.bo‘lgan. Hodisa vaqtida er mast bo‘lgan.