TOShKENT, 23 dek – Sputnik. Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan saylovlar dastlabki natijalarini e’lon qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ta’kidlanishicha, parlament saylovi o‘tkazilgan 150 ta saylov okrugidan 128 tasidan deputatlar saylangan.
Shulardan:
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi – 43 nafar;
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 35 nafar;
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi - 21 nafar;
Xalq demokratik partiyasi – 18 nafar;
Ekologik partiya – 11 nafar.
MSK raisining aniqlik kiritishicha, xorijdagi saylovchilarni ham hisobga olganda umumiy davomat 67,8 foizni tashkil etgan.
Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi.
Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 22 okruglarda nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi.
150 ming saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.