TOShKENT, 2 dek – Sputnik. “Miss Moskva-2015” g‘olibasi Oksana Voyevodina farzandiga nisbatan tahdidlar tufayli politsiyaga shikoyat qildi. Bu haqda Voyevodinaning advokati Ivan Melnikov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oktabr oyi o‘rtalarida Voyevodina otasining telefoniga no’malum ayol tomonidan xabar kelib tushdi. Unda yozilishicha, Voyevodinaning o‘g‘li Leonga o‘lim xavfi tahdid solishi mumkinligi sababli uchrashuvga taklif etilgan.
Advokat ma’lum qilishicha, Voyevodina uchrashuvga kela olmagan, uning o‘rniga ayol bilan uning dugonasi uchrashgan va suhbatni yozib olgan.
“Suhbat davomida ayol Leon o‘lim xavfi ostida ekanligini bir necha marta ta’kidlagan. Voyevodina sobiq turmush o‘rtog‘iga nisbatan da’vo arizasini qaytarib olishi va OAVda chiqishlarni to‘xtatishi bilan bu tahdidni oldini olishi mumkinligi aytildi”, - deydi advokat.
Shundan so‘ng Voyevodina politsiyaga ariza yozdi. Huquq tartibot organlari tekshiruvni boshladi.
Tahdidlardan so‘ng Voyevodina o‘g‘li bilan Moskvani tark etishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
“Huquq tartibot organlari va davlatimizning himoyasi va yordamiga umid qilaman. Kelib tushayotgan tahdidlarni tekshirish va tegishli choralarni ko‘rishingizni so‘rayman”, - dedi Voyevodina.
2018 yil noyabrda rossiyalik model va Muhammad V to‘yi bo‘lgan edi. Aprel oyida ayol islom dinini qabul qilib, Rixana ismini olgandi. Bir yarim oydan keyin to‘satdan qirol taxtdan voz kechdi. 21-mayda oilada o‘g‘il farzand tug‘ildi, uning ismini Tenku Ismoil Leon Petr Bin Tenku Muhammad V Faris Petr deb qo‘yildi.
2019 yil iyulda sobiq qirolning advokati er-xotin ajrashganligi haqida ma’lumotlarni tasdiqladi.