TOShKENT, 23 sen – Sputnik. Farg‘ona viloyatida o‘g‘liga nikoh o‘qib qo‘ygan otaga ma’muriy chora ko‘rildi, deb xabar qilmoqda “Mening yurtim” telekanali.
Nikoh o‘qigan otaning ishi Qo‘shtepa tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Suddan oldin o‘tkazilgan surishtiruvda aniqlanishiga ko‘ra, ayblanuvchi dastlab bir necha imom-domlalarga murojaat qilgan, lekin ularning barchasi rad javobini bergan. Shundan so‘ng diniy ilmi bo‘lmasada, o‘g‘lining ikkinchi xotini uchun nikoh o‘qib qo‘ygan.
Sud ushbu ish yuzasidan otaga 7 kun ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Nikoh o‘qigan ota qo‘lida kishan bilan sud zalidan olib ketildi.
Ushbu sayyor sud majlisida shuningdek vakolat va yetarli darjaja ilmiy tayyorgarligi bo‘lmagan 7ta noqonuniy diniy maktablar tashkil qilgan shaxslar ishi ko‘rib chiqilib ularga ham kerakli choralar ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, sha’riy nikoh O‘zbekiston qonunchiligi tomonidan hech qanday yuridik kuchga ega emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlarida barcha imomlarga FXDOdan guvohnomasi bo‘lmagan shaxslarga nikoh o‘qishni qat’iyan ta’qiqlab qo‘ygan edi.