TOShKENT, 23-may — Sputnik. “O‘zqurilishbank” va Annexure Financial Solutions kompanisi 100 million dollarlik hamkorlik memorandumini imzolashdi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Hujjat O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilish va investitsiya loyihalarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Ushbu bank matbuot xizmatiga ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniya Toshkent va Shanxayda biznes va investitsiya forumi o‘tkazadi.
“Bunday hamkorlik 100 million dollarlik strategik investitsiya va xorijiy kapitalni jalb qilishga yordam beradi. Bu, o‘z navbatida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilishda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning qiziqishi ortishiga olib keladi”, — deb ta’kidlashdi bank matbuot xizmatida.
Annexure Financial Solutions konsalting kompaniyasining bosh ofisi Gonkongda joylashgan. Kompaniya investorlari bilan sherikchilik aloqalarini rivojlantirish, bu borada uchrashuvlar o‘tkazishga ixtisoslashgan.
Shu yil boshida Annexure Financial Solutions poytaxtda o‘z ofisini ochgandi. Kompaniya strategik maslahat, korporativ konsalting va fond bozorini tahlil qilish kabi xizmat turlarini taqdim etadi.