TOShKENT, 13 apr — Sputnik, Andrey Grigoryev, Andrey Stanavov. Moskva shahridagi Taganskaya tuman sudi Roskomnadzorning Rossiyada Telegram ni bloklash haqidagi da’vo arizasini qanoatlantirdi. Dalillarni keltirish uchun bir soatga yaqin, qaror qabul qilish uchun esa atigi 30 daqiqa vaqt ketdi. Eng ommabop messenjerlardan biri nega blok qilindi va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida — RIA Novosti jurnalistlari tahliliy maqolasida fikr yuritiladi.
Tvitter-diplomatiya
"Birinchi navbatda Durovga ishongan va uning serveri bilan ishlashni boshlagan professionallar jabr ko‘radi, — deb izoh berdi RIA Novostiga ijtimoiy tarmoq va messenjerlar professional foydalanuvchilari Assotsiatsiyasi rahbari Vladimir Zikov. — Ular o‘z kanallarini rivojlantirish uchun kuch, energiya va katta mablag‘larni sarflashgan, endilikda esa uzoq yillar davomida shakllantirilgan kontentdan mahrum bo‘lishadi. Zarar miqdori yuz millionlab rubllarda o‘lchanishi mumkin. Bundan tashqari, Rossiyada Telegram asosida yaratilgan messenjerlar ham ko‘p, ularning ham barchasini bloklab tashlashga to‘g‘ri keladi".
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumotni himoya qilish borasida Telegram boshqa messenjerlardan ko‘pam farq qilmaydi. "Misol uchun, Viber ni olaylik: u yerda ham shifrlash kodi — "maxfiy chat" bor, — davom etadi ekspert. — Ya’ni xabarlar serverni aylanib o‘tgan holda foydalanuvchining qurilmasidagina shifrlanadi va rasshifrovka qilinadi. Agar siz "maxfiy chat"da o‘zaro xat yozishgan bo‘lsangiz, so‘ngra boshqa qurilmadan akkauntga kirsangiz — yozishmani o‘qiy olmaysiz".
Zikovning ta’kidiga ko‘ra, maxsus xizmatlarning Telegram ga bo‘lgan o‘ta kuchli qiziqishiga Pavel Durovning o‘zi sababchi. Ya’ni u shifrlash kalitlarini bermasligi tufayli ushbu holat yuzaga keldi. "Servis darhol tushunarsiz shaxslar e’tiborini tortdi. Uni hattoki narkotiklar, bolalar pornosi va boshqa qonunga xilof kontentlar sotiladigan onlayn-maydonga tenglashtirishdi, — deydi ekspert. — Durov foydalanuvchilar himoyasini o‘ziga niqob qilib olgan, ammo meni nazarimda u Rossiya bilan janjal orqali o‘zini piar qilmoqda. Hozir shunday qilish urf tusiga kirgan. Ehtimol, unga g‘arb auditoriyasini jalb qilish uchun shov-shuvli bahona kerakdir. Rossiya u uchun ustuvor bozor bo‘lmagan".
Umuman olganda, ekspert fikriga ko‘ra, agar xohish bo‘lsa, hozirgi holatdan ham yo‘l topib chiqib ketsa bo‘ladi. Buning uchun Durov "tvitter-diplomatiya" bilan shug‘ullanmasdan, balki FSB va Roskomnadzor bilan muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishi kerak.
Huquqiy tozalik
Huquqshunoslar berayotgan baholarga ko‘ra, servisning Rossiyada yopilishi to‘laligicha qonunga mos.
"Yuridik nuqtayi-nazardan bu yerda ikkilanadigan masalaning o‘zi yo‘q, — dedi RIA Novostiga milliy RU.domeni muvofiqlashtirish markazi rahbari o‘rinbosari Sergey Kopilov. — Roskomnadzorda bu servisni kirish cheklanishi kerak bo‘lgan saytlar reyestriga kiritish uchun ariza topshirishga barcha asos bor edi. Sud kalitlarni talab qilish, ma’muriy jarima undirish, ma’muriy huquqbuzarlikdan so‘ng talablarni bajarmaslik singari dastavval qo‘yilgan qadamlarning qonuniyligini tekshirdi".
Sudning messenjer faoliyatini zudlik bilan to‘xtatish haqidagi talabiga izoh berar ekan, Kopilov odatda bunday paytlarda barcha texnik va yuridik masalalarni hal etish uchun to‘rt kundan kam vaqt kelmasligini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hukumat qaroriga muvofiq, sud qaror chiqarib bo‘lgach, Roskomnadzor xosting-provayder yoki operatorni ogohlantirishi va undan uch kun ichida javob olishi lozim. Ammo ayrim hollarda sud muddatni qisqartirishga haqli bo‘ladi.
Terrorchilar uchun kanallar
Telegram atrofidagi vaziyat uch yil muqaddam, ya’ni Rossiya Davlat Dumasi deputati Aleksandr Ageyev FSB rahbari Aleksandr Bortnikovga messenjerni ta’qiqlash iltimosi bilan murojaat qilganida o‘tkir tus olgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram messenjeridan "ID" terrorchilari foydalangan bo‘lishlari mumkin edi. O‘shanda Durov 2015-yil noyabridan boshlab messenjer "Islom davlati"ning 660dan ziyod jamoatchilik kanallarini bloklaganligi haqida xabar bergan edi.
Oradan bir yil o‘tib, jamoatchilik vakillari Bosh prokuratura va Roskomnadzordan yana Telegram ni tekshirishni so‘rashadi. Ular portlovchi moddalarni tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalar va diversiyani amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar keltirilgan telegram-kanallarni topganini ta’kidlashgan edi.
Roskomnadzor faqat 2018-yil aprel oyining boshiga kelib, ya’ni messenjer shifrlash kalitlarini FSBga taqdim etishdan bosh tortganida sudga murojaat etadi. Kompaniya yuristlari so‘zlariga ko‘ra, ushbu jarayonni bajarishning texnik tomondan imkoni yo‘q. Telegram asoschisi Pavel Durovning o‘zi esa boshqa pozitsiyani bildirib kelmoqda, unga ko‘ra, messenjer eng avvalo so‘z erkinligi va shaxsiy hayot daxlsizligi pozitsiyasini himoya qiladi.
Ekspertlarning barchasi Rossiya aholisining aksariyati Telegram ni yangiliklar portali emas, balki mobil kommunikatsiya vositasi sifatida foydalanishadi, degan fikrni bildirdilar. Shu bois, uni bloklash faqatgina moliyaviy oqibatlarni keltirib chiqaradi — ya’ni foydalanuvchilar sonining keskin qisqarishiga olib keladi. Eng birinchi bo‘lib, blokni aylanib o‘tishga erinadigan foydalanuvchilar messenjerni tark etadi. Buning ustiga messenjerlar serob, boshqa istalganiga o‘tib ketish mumkin. Boz ustiga foydalanuvchilar soni va trafik bo‘yicha Telegram WhatsApp, Viber va Skype singari servislardan ortda yuradi.