TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Mahalliy davlat hokimiyati organlari favqulodda vaziyatlarda jabrlangan va halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining oila a’zolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishi lozim. Bu haqda Adliya vazirligining Telegram kanalida xabar qilindi.
Xabarda aytilishicha, Xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ishlarini moliyalashtirish Vazirlar Mahkamasining zahira mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Qaror bilan tasdiqlangan nizomda xorijiy davlatlar hududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan fuqarolarga yordam ko‘rsatish, halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilish tartibi belgilab berilmoqda.
Xususan, xorijiy davlatlar hududida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar oqibatida O‘zbekiston fuqarolari jabrlangan taqdirda uch soat ichida Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Mudofaa, Sog‘liqni saqlash va boshqa vazirlik idoralarning vakillaridan iborat maxsus guruh favqulodda vaziyat sodir bo‘lgan hududga uchib (jo‘nab) ketishi lozim.
Shuningdek, nizomda har bir tashkilotning favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda bajarishi lozim bo‘lgan funksiyalari belgilab berilmoqda.
Masalan, endilikda mahalliy davlat hokimiyati organlari favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatishi lozim.