TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekistonlik oshpaz Bahriddin Chustiy Namanganda besh tonnalik sumalak pishirishni boshladi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Chustiy o‘z jamoasi bilan bu safar eng katta sumalak taomi pishirishga qaror qilgan. Rekord sumalak 21-mart kuni tayyor bo‘ladi. Oshpaz aytishiga qaraganda, ushbu sumalak aslida rekord uchun tayyorlanayotgani yo‘q.
“Sumalak miqdori – bu oddiy sonlar, rekord – bu ko‘ngilochar dasturning bir qismi. Mening maqsadim esa- o‘zbek milliy taomlarini maqtash, ularni dunyoga tanitish va albatta kelganlarga bayram taqdim etish”, — dedi Bahriddin Najmiddinov (Chustiy).
Bugung 20-mart kuni erta tongda, butun Namangan 20dan ortiq oshpazga kuch-quvvat va sabr-toqat tilash uchun jamlandi.
Eng katta sumalak pishirish uchun, Olmaliqda tayyorlangan maxsus qozonga 2 tonna birinchi navli va 200 kg oliy navli un, 1 tonna bug‘doy, 250 kg o‘simlik moyi 5200 litr bug‘doy shirasi va 4400 litr suv solinadi.
Tansiq taom Navro‘z kuni bayramga kelgan barchaga tarqatiladi. Shuningdek, sumalakni bolalar uylari va internatlarga ham tarqatish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Chustiy Toshkentda 7360 kilogrammli osh pishirib Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan edi.