TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov Moskvada Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MDXMI) rahbariyati bilan uchrashuvda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
"O‘n to‘qqizinchi mart kuni Moskvada ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti rektori, Rossiya FA akademigi Anatoliy Torkunov bilan uchrashdi", — deyiladi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabarida.
Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar oliy va yuqori darajadagi O‘zbekiston-Rossiya muloqotlari davomida erishilgan kelishuvlar doirasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
"Muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar O‘zbekiston TIV huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va MDXMI o‘rtasida birinchi navbatda xalqaro iqtisodiyot, huquqshunoslik, sinxron tarjima, jurnalistika va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yilishiga kelishib olindi", — deyiladi xabarda.