TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tadbirlarni yagona kalendari chiqarilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"Esingizda bor, oldingi safar Ginness rekordini o‘rnatish uchun osh damlashdi. Mana yaqinda Denovda ham shunday tadbir bo‘ldi. Lekin kim bildi? Ikki-uch kun oldin bilindi, xolos. Bunday tadbirlarni oldindan rejalashtirishimiz kerak, chunki O‘zbekistonda tuman darajasida, viloyat darajasida o‘tkaziladigan tadbirlar juda ham ko‘p. Masalan, "Marg‘ilon adrasi", Buxorodagi "Shelk i spetsii", Xivadagi "Raqs sehri", Boysundagi "Boysun bahori" va hokazolar", — dedi Abduhakimov.
O‘zbekturizm qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, ana shunday tadbirlarni ko‘paytirish bo‘yicha O‘zbekistondagi ko‘plab hududlar bilan, mahalliy hokimliklar bilan ishlar olib borilmoqda, qo‘mita bu borada ularga o‘z takliflarini kiritgan.
"Yagona kalendarga tushsak yilni boshidan OAV xodimlari ham, aholimiz ham, chet ellik mehmonlarimiz ham O‘zbekistonda o‘tkaziladigan rang-barang tadbirlar haqida oldindan biladilar va ishtirokchisiga aylana oladilar", — dedi Abduhakimov.