Toshkentdagi mol-mulk solig‘i Xorazmdagidan 2 barobar ko‘p bo‘ladi

Obuna bo‘lish
Kelgusi yilda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koefitsiyent qo‘llaniladi, bunda hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqiladi

TOShKENT, 21 dek — Sputnik. 2018 yilda Xorazmdagi mol-mulk solig‘i Toshkentdagidan 2-marta kam bo‘ladi, deb ta’kidladi O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisidagi ma’ruzasida. Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabari asosida.

Papka s dokumentami - Sputnik O‘zbekiston
2018 yilda soliq bosimi biroz kamaytirilishi mumkin
"Kelgusi yilda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘iga kamaytiruvchi koefitsiyent qo‘llaniladi. Bunda hududlarning ijtimoiy holatidan kelib chiqiladi. Misol uchun, Xorazm viloyatida joylashgan uy uchun olinadigan mol-mulk solig‘i Toshkent shahrida joylashgan xuddi shunday uyga solinadigan shu turdagi soliqdan kamida ikki marta kam bo‘ladi", — dedi Qo‘chqorov.

Vazirning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ini 1991-yilda belgilangan indeks metodi bo‘yicha to‘lab kelganlar. Shu bois kadastrlardagi uyning inventar narxi bozor narxidan o‘rtacha 20-25 marta kichikligini ko‘rish mumkin.

"Masalan, poytaxtning Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasida joylashgan, 1989-yilda qurilgan 9 qavatli, betondan qurilgan ko‘p qavatli uyda 3 xonali xonadonning bugungi kundagi inventar qiymati 11 million so‘mni, kadastr qiymati 113 million so‘mni tashkil etadi. 2017-yilda mazkur xonadonning mol-mulk solig‘i 190 ming so‘mni tashkil qilgan. Taklif etilayotgan tartib bo‘yicha ushbu xonadonning 2018-yilga hisoblanadigan mol-mulk solig‘i summasi 227,3 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yildagiga nisbatan 1,2 barobarga o‘sishi kutilmoqda", — misol keltirdi vazir.

Vazir shuningdek, mol-mulk solig‘i stavkasi kamaytirilishini — u 1,7%dan 0,2 %ga tushirilganini ma’lum qildi.

"Fuqarolar to‘laydigan soliq miqdori 20%dan oshmaydi", — deb ishontirdi Qo‘chqorov.

Vazir shuningdek, alohida shaxslar uchun mol-mulk solig‘i miqdori 30%ga kamaytirilishi yoki oshirilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Bu ko‘rsatkich mahalliy hokimiyat organlari tomonidan belgilanishi ma’lum qilindi.

Majlisda qayd etilishicha,  hozirda bu borada maxsus tartib ishlab chiqilgan. Vazirlar Mahkamasi ishlab chiqilgan tartibni tasdiqlagach, bu borada to‘liq axborot soliq to‘lovchilarga yetkaziladi. Yangi tartib 2018-yilning yanvar oyidan keyin amaliyotga kiritilishi mo‘ljallangan.

Yangiliklar lentasi
0