TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Janubiy Koreya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) qabul qilinishida ko‘maklashadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida O‘zbekistonning JSTga qabul qilinishida, xususan, ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishning natijasini baholash, milliy qonunchilikning JST kelishuvlari talablariga mosligi ekspertizasi hamda texnik, konsultativ va manfaatdor vazirlik va tashkilotlarga mutaxassislar ko‘magini berish yo‘llari orqali Koreya tomonining qo‘llab-quvvatlashi bo‘yicha memorandum va Yo‘l xaritasi imzolandi.
Ilgariroq YeI delegatsiyasi ham O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishiga ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.
Jahon savdo tashkiloti xalqaro savdoni liberallashtirish va a’zo mamlakatlarning savdo-siyosiy munosabatlarini meyorga solish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, unga 164 mamlakat a’zo. O‘zbekiston tashkilotda kuzatuvchi davlat maqomiga ega.