TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Davlat turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Ravshan Usmonov Les Entreprises du Voyage île de France Parij hududi turistik kompaniyalar assotsiatsiyasi prezidenti L.Rabiyeni qabul qildi.
Uchrashuv Davlat turizm qo‘mitasi delegatsiyasining Parijga TOP RESA 2017 turizm ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun amalga oshirgan tashrifining mantiqiy davomi bo‘ldi, deb yozadi qo‘mita matbuot xizmati.
Fransiyaga tashrif chog‘ida 2018-yilning 30-martidan 3-apreliga qadar Samarqandda Parij hududi turistik kompaniyalar assotsiatsiyasining yillik anjumanini o‘tkazishga kelishib olingandi.
Samarqandda o‘tkaziladigan anjuman doirasida "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi ilk bor "Parij-Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni amalga oshiradi.
Uchrashuv chog‘ida anjumanning tashkiliy qismiga oid dastur muhokama qilindi.