TOShKENT, 18 avg — Sputnik. Xitoyning Xanchjou shahrida birinchi internet-sud tashkil etildi, deb xabar qildi RIA Novosti.
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan 36-sessiyasi davomida mamlakat tarixida birinchi marta internet-sud tashkil etilishi rejasi tasdiqlangan edi.
Internet-sud onlayn-savdodagi firibgarlik ishlari bilan bog‘liq nizolarni, onlayn tarzda tuzilgan qarzdorlik shartnomalarini hamda internetda mualliflik huquqlari buzilishi holatlari bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqadi.
Sud bilan bog‘liq barcha jarayonlar interent-sud saytida olib boriladi. Sud hukmi esa real vaqt rejimida videotranslyatsiya orqali o‘qib eshittiriladi.
Shahar sud tizimi kiberjinoyatlar bilan bog‘liq ishlarni olib borayotgani, ular soni esa kundan-kunga ortib borayotgani ta’kidlangan. Misol uchun, 2013-yilda sud bu kabi 600 ta ishni ko‘rib chiqqan bo‘lsa, o‘tgan yilda ularning soni 10 mingdan oshib ketgan.