TOShKENT, 18 avg — Sputnik. "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi tez kunlarda respublika fuqarolariga aviachiptalarni milliy valyuta — so‘mda sotilishi o‘tish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiri kompaniyadagi manbasiga tayangan holda.
Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston fuqarolari Rossiya yo‘nalishidagi aviachiptalarni faqat AQSh dollarga sotib olishlari mumkin.
"Bu talabni o‘zgartirish bo‘yicha hozirgi vaqtda tegishli ish olib bormoqdamiz. Bugungi kunda milliy valyutaga sotishga o‘tish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlanmoqda. Tez vaqtlarda barcha fuqarolar aviachiptalarni milliy valyutada sotib olishlari mumkin bo‘ladi", — dedi suhbatdosh.
Lekin u aviachiptalarni milliy valyutaga sotishga o‘tishning aniq sanasini ma’lum qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu konvertatsiya bilan bog‘liq. Bu yerda aviakompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan holatlar mavjud.
Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, milliy aviakompaniya tomonidan bosiq narx siyosati olib boriladi. "O‘zbekiston havo yo‘llari" avichipta narxlari boshqa kompaniyalar bilan solishtirilganda nafaqat o‘zbekistonliklarga, balki chet el fuqarolariga ham maqbul va hammabopdir.