TOShKENT, 18-avgust — Sputnik. Ispaniyaning ikki shahrida terrorchilik harakatlari sodir etildi, deb xabar berdi RIA Novosti. Avvaliga Barselonada furgon odamlar ustiga bostirib bordi, so‘ngra Kambrils shahrida noma’lum kishilar yo‘lovchilarga hujum uyushtirishdi. Teraktlar oqibatida jami 13 kishi halok bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi jarohatlandi.
Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi katalon politsiyachilari Kambrilsda terrorchilik hujumi uyushtirishga tayyorlanayotgan terrorchilarni yo‘q qildi.
Ispan matbuotining xabar qilishicha, terrorchilar avtomobilda yo‘lovchilar ustiga bostirib borishgan va bir necha kishini urib ketishgan. Ularning mashinasi ag‘darilib ketgan, jinoyatchilar qochishga uringan chog‘ida yo‘q qilingan.
Kataloniya politsiyasining ma’lum qilishicha, maxsus operatsiya chog‘ida to‘rt terrorchi o‘ldirilgan, yana biri qo‘lga olingan, lekin olgan jarohatlari sababli vafot etgan.
Kambrilsdagi terakt oqibatida jami yetti kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda.
Ilgariroq Barselonada furgon piyodalar ustiga bostirib borgandi. Guvohlarning aytishicha, haydovchi iloji boricha ko‘proq odamni bosib ketishga uringan. Avtomobil kioskka urilib to‘xtaganidan so‘ng haydovchi qochib ketgan.
Terakt 13 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yuzdan ortiq kishi jarohatlandi. Xabarlarga qaraganda, hujum oqibatida 18 mamlakat fuqarosi jabr ko‘rgan.
Kataloniya huquq tartibot idoralarining ma’lum qilishicha, terakt bilan aloqadorlikda gumonlanib Shimoliy afrikalik ikki kishi hibsga olingan.