TOShKENT, 17-avgust — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi bo‘yicha davlatlararo oraliq shartnomasini tayyorlash masalasida tomonlar sezilarli siljishga erishganini bildirdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Bugun Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashuv doirasidagi ochiq ishonchli muloqot davomida ikki tomonning kun tartibida turgan ko‘plab masalalar yuzasidan fikr almashildi va dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni qirg‘iz-o‘zbek munosabatlariga xos ravishda ochiq, do‘stona va sermahsul muhitda bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar natijalaridan qoniqish hosil qildi", — dedi Abdulla Aripov.
U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shni mamlakatlar, xususan Qirg‘iziston bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berayotganligini ta’kidladi.
Abdulla Aripov bo‘lib o‘tgan muzokaralarda o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarining muhim masalalari, turli sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilinganini ma’lum qildi.
"O‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan samarali muzokaralar alohida qoniqish hissini uyg‘otadi. Muzokaralar natijalariga ko‘ra bayonnomalar imzolandi", dedi u.
Aripovning aytishicha, ikki mamlakat tegishli idoralariga o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish hamda uni diversifikatsiya qilish, investitsion hamkorlikni kuchaytirish va ishbilarmon doiralar, tadbirkorlik subyektlari hamda hududlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqish topshirilgan.
O‘zbekiston hukumati rahbari tomonlar fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm, sport va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanliklarini tasdiqlashganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Bishkek shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasi hamda davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.