TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Xalqaro press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayev Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida o‘zbek to‘ylari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Press-klubning sayyor anjumanlari orasida ba’zi dolzarb masalalardagi yig‘ilib qolgan fikrlarimni Sizlar bilan ulashmoqchi edim. Gap — to‘ylarimiz haqida! Internetdagi baxslarni o‘qib, xotiran XX asrga fikran qaytdim…
Yoshligimizda to‘ylar mahallalarda bo‘lar edi. Katta ko‘cha gilam bilan to‘silar, bir pasda go‘yo ertakdagidek mo‘’jaz to‘yxona paydo bo‘lardi. Mahalla idorasidan qozonlar, samovarlar, temir oyoqlar va taxtali stollar aravalarda yetkazilar edi. Qarindoshlar va mahalladagi yoshlar bu hasharga bajonidil chiqar edi. Chunki oqibat bor edi, qo‘shnichilik bor edi. Kuyov jo‘ralari barcha xizmatni bo‘lib olar edilar. Kimdir "zakuska" qilar edi, yana kimdir paxtadan harf yasar edi, qo‘shiqchilar-u qozon tovoq ham jo‘ralardan ortmas edi. Bizning Oqlon va Ko‘kcha mahallalarining o‘ziga xos "fishkasi" "Uazik"da keladigan sayyor kinoteatr edi. To‘yxonaga yaqin joydan oq devor topilib "Bobbi", "Samraat", "To‘ylar muborak", "Suyunchi" singari hind va o‘zbek klassik kinolar qo‘yilar edi. To‘yga kelgan hofizlar faqat o‘zbek tilida qo‘shiq aytar, barcha mazza qilib raqsga tushar edi…
Bugunchi!? To‘ylarimiz musobaqalashuvga, kim o‘zarga va eng yomoni o‘zimizning boy madaniyat qolib boshqa davlatlarning aralash-u quralash "assorti, vinegret, psevdo — ya’ni sohta san’atga aylanmoqda. Endi tasavvur qiling, arablar to‘y qilganda turkiy tildagi qo‘shiqlarni kuylarmidi, yoki forslar-chi, turkmanlarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Ular to‘yida boshqa tildagi qo‘shiqni kuylash bu yoqda tursin, fonogrammadan foydalanishmaydi. Biz-chi?!
Keling, yana bir narsani o‘ylab ko‘raylik, bir-ikki kunlik yolg‘onni anturaj qilib, san’at darajasiga olib chiqamiz-u, oddiy kundagi dasturxonimiz bilan taqqoslashni unutamiz. Yoki, qishda betob bo‘lib qolgan farzandi yaxshi shifokorga olib borish muammo bo‘ladi-yu, to‘yda sovuq kunda qulupnay, uzum qo‘yish muammo bo‘lmaydi. Shunday vaqti "Otamdan qolgan dalalar"dagi Dehqonqul ko‘z oldimda gavdalanadi. Eh Dehkonqul, Dehqonqul bitta xurmoni deb umrida xurmo yemagan, uni pomidor deya ko‘zingga mo‘ltillab termulgan farzandingning og‘iz-burnini qonatgan eding-a.
Shundayligingcha davom etapsan, to‘xtamayapsan…
Prezident millat lideri sifatida mamlakatning yirik muammolariga diqqatini qaratadi, albatta. Bunday dabdabali, "tuturuqsiz" to‘ylar ma’naviyatimiz, madaniyatimizga salbiy ta’sirini ko‘rsatayotgani haqiqat. Bu dabdaba ortidagi madaniy, ijtimoiy, hamda iqtisodiy muammolarni ko‘ra oldi Prezident. Biz-chi, biz nima qilyapmiz!?
Bugun biz to‘yxonlik fanini va industriyasini yaratishimiz emas, balki go‘zal madaniyatimizni, urf-odatlarimizni, ming asrlik an’analarimizni saqlab qolishimiz lozim, aslida. To‘y sohibi o‘zi hech kimsiz to‘yning madaniy qismi millatning boy tarixi, madaniyati, ma’naviyatini aks ettirgan bazmni shakllantirishi kerak emasmi?!"