TOShKENT, 5-avgust — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yoshlar simfonik orkestrini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida farmoyishga imzo chekdi.
"O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining Toshkent shahar "Yoshlar ijod saroyi" nodavlat notijorat tashkilotining Yoshlar simfonik orkestri (keyingi o‘rinlarda Yoshlar simfonik orkestri deb yuritiladi) uchun ilovaga muvofiq tovarlarni xarid qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin", deyiladi farmoyishda.
Hujjatga ko‘ra, farmoyish ilovasida ko‘rsatilgan tovarlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mablag‘lari hisobidan "O‘zsanoateksport" aksiyadorlik jamiyati orqali xorijdan xarid qilinadi.
Yoshlar simfonik orkestri uchun farmoyish ilovasiga muvofiq xorijdan olib kelinadigan tovarlar 2018-yil 31-dekabrgacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.
Davlat soliq qo‘mitasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda farmoyish ilovasida ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan tovarlardan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi.
Farmoyishda ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan tovarlar maqsadsiz foydalanilgan taqdirda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan to‘lanmagan bojxona to‘lovlari summasi qonunchilikda belgilangan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undirilishi belgilab qo‘yildi.
Mazkur hujjat yoshlarning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun zamonaviy talablarga javob beradigan qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mazkur masalalarga yo‘naltirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida qabul qilindi.