TOShKENT, 20-may — Sputnik. Shimoliy Koreyaning Uriminzokkiri targ‘ibot sayti go‘yoki AQSh va Janubiy Koreya maxsus xizmatlari ta’sirida mamlakat prezidenti Kim Chen Inga nisbatan suiqasd uyushtirishga tayyorlangan KXDR fuqarosi haqidagi videolavhani joylashtirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
May oyi boshida KXDR milliy xavfsizlik vazirligi vakillari AQSh MRBsi va Janubiy Koreya razvedka xizmati qandaydir biokimoviy modda yordamida Kim Chen Inga suiqasd qilishni rejalashtirgani haqida bayonot bergandi. Bosh gumondorlar qatorida Janubiy Koreya milliy razvedka agentligi rahbari Li Ben Xo, agentlikning bo‘linma rahbari Xan Gan Om,Janubiy Koreya razvedkasi agenti Cho Gi Chxol hamda Qingdao Nazca kompaniyasi direktori tilga olingandi.
23 daqiqadan ortiqroq davom etadigan videolavhada Kim Son Ir ismli kishi ko‘rsatiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u "respublikaga qarshi dushmanona targ‘ibot ta’siriga tushib qolgan va dahshatli jinoyatga aralashgan".
Lavhada go‘yoki Janubi Koreya maxsus xizmati tomonidan berilgan Samsung smartfoni va planshet ko‘rsatiladi hamda "ulardan Kim Son Irni mafkuraviy qayta ishlashda foydalanilganligi" aytiladi. Videolavhada telefondan uning Janubiy Koreya maxsus xizmati vakillari bilan yozishmalari topilganligi bildiriladi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.